Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Anna Byerde bilan uchrashuv
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov ayni paytda mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Jahon bankining (JB) Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Anna Byerde bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida boʻlib oʻtgan uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri Timur Ishmetov, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmuratov, Jahon bankining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakova, Jahon bankining O‘zbekiston Respublikasidagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli va boshqa rasmiy mutasaddilar ishtirok etdilar.
O‘zbekiston 1992-yil 21-sentabrda Jahon bankiga a’zo bo‘ldi. Mamlakat bilan 30 yillik samarali hamkorlik davomida ushbu xalqaro moliya instituti Oʻzbekiston hukumati tomonidan turli ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan turli islohotlar va loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashib kelmoqda.
Shu oʻrinda, 1993-yildan buyon Jahon banki tomonidan milliy iqtisodiyotning o‘sishini rag‘batlantirish va aholi farovonligini oshirish maqsadida 67 ta loyiha, shu jumladan, iqtisodiyotni rivojlantirish, suv ta'minoti, ta'lim, tibbiyot va aholini ijtimoiy himoya qilish sohalaridagi loyihalarni amalga oshirish uchun 8,5 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratildi.
Ayni paytda O‘zbekistonda Jahon bankining moliyaviy ko‘magida hukumat tomonidan umumiy qiymati 4,8 milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan 27 ta loyiha amalga oshirilmoqda – bu Bankning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik sarmoyaviy dasturlaridan biri hisoblanadi.
Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston va Jahon banki o‘rtasida kelgusi besh yilga mo‘ljallangan yangi hamkorlik dasturini amalga oshirish hamda koʻzda tutilgan bank tomonidan hukumatga aniq moliyaviy va maslahat yordamini koʻrsatish masalalarini muhokama qildilar.
Yuqoridagi dasturning maqsadi 2022-2026-yillarda Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasida nazarda tutilgan islohotlarni, shu jumladan, 2026-yilgacha kambag‘allikni ikki baravar kamaytirish rejalarini amalga oshirishda hukumatga ko‘maklashish, shuningdek, 2030-yilga kelib mamlakatimizni daromadi o‘rta darajadan yuqori (jon boshiga yalpi ichki mahsulot 4000 dollardan ortiq) bo‘lgan davlatlar qatoriga kiritishdan iborat.
Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi va davlat korxonalarini xususiylashtirish, energetika, transport, aholini ijtimoiy himoya qilish, qishloq infratuzilmasini, inson kapitalini (ta’lim va sog‘liqni saqlash) rivojlantirish, “yashil” iqtisodiyot va tabiiy resurslardan samarali foydalanish, shuningdek, xususiy sektor sohasida islohotlar va loyihalarni amalga oshirishda Jahon banki tomonidan bu sohalarga koʻmaklashish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, davlatimiz tomonidan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, qishloqda tadbirkorlikni rivojlantirish, xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashildi.
Byerde xonim Jahon banki O‘zbekistonda mamlakatning barcha fuqarolar manfaati uchun ochiq va bozor iqtisodiyotini barpo etishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirishda hukumatga yordam berishda davom etishini ta’kidlab o‘tdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi