O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
IT Park jamoasi 2022-yilgi “WorldSkills International” Yevroosiyo chempionatida 3-oʻrinni egalladi
2022-09-19 | Texnologiyalar
2022-yilgi “WorldSkills International” Yevroosiyo chempionatida “Mobil robototexnika” yoʻnalishi boʻyicha Oʻzbekiston nomidan ishtirok etgan IT Park jamoasi 3-oʻrinni egalladi.
Chempionat Rossiyaning Saransk shahrida 8–12-sentabr kunlari boʻlib oʻtdi. Hammasi boʻlib, turli mamlakatlardan, shuningdek, Rossiyaning mintaqalaridan avval mahalliy va federal bosqichlarda gʻolib boʻlgan 18 ta kuchli jamoa saralashdan oʻtib, final bosqichida ishtirok etdi.
Bundan tashqari, IT Park jamoasi 12–13-oktyabr kunlari Fransiyaning Bordo shahrida boʻlib oʻtadigan “WorldSkills International” jahon chempionatida mamlakat sharafini himoya qiladi. Hozir ishtirokchilar turnirga qizgʻin tayyorgarlik koʻrmoqda.
Ta’kidlash joizki, oxirgi 2 yil davomida IT Park robototexnika boʻyicha mutaxassislarni qoʻllab-quvvatlab keldi, robototexnika boʻyicha mutaxassislarni tayyorladi va ushbu yoʻnalish boʻyicha ishlar olib bordi.
WorldSkills – har ikki yilda bir marta oʻtkaziladigan turli koʻnikmalar boʻyicha musobaqadir. Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston WorldSkills xalqaro assotsiatsiyasiga 2020-yilda aʼzo boʻlib, uning 83-aʼzosiga aylangandi. 2022-yil mart oyida “Mobil robototexnika” chempionatining Respublika bosqichi boʻlib oʻtdi, unda IT Park jamoasi ishtirok etdi. Soʻngra IT Park jamoasi 1-oʻrinni egallab, Fransiyada boʻlib oʻtadigan chempionatga yoʻllanmaga ega boʻldi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi