O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha xalqaro va ikki tomonlama hamkorlik yanada mustahkamlanadi
2022-09-16 | Iqtisodiyot
Shu kunlarda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha xalqaro va ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston delegatsiyasi Yaponiyada boʻlib turibdi.
Tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad mazkur mamlakatning korrupsiyaga qarshi kurashuvchi idoralari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyish hamda kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishdan iborat.
Tashrif doirasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxanov ishtirokida Yaponiyaning korrupsiyaga qarshi kurashuvchi idoralari bilan oʻzaro tajriba almashish hamda hamkorlikdagi loyihalarni muhokama qilish maqsadida Yaponiyaning Adliya vaziri X.Yasuxiro, Bosh prokurori Yu.Kai, Parlament tashqi ishlar vaziri Yu.Yoshikava, Milliy kadrlar agentligi rahbari Yu.Kavamoto, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi direktori oʻrinbosari K.Nakazava, Milliy politsiya agentligi bosh komissari oʻrinbosari Y.Ogata va boshqa masʼul idoralar rahbarlari bilan muzokaralar oʻtkazildi.
Muhokamalarda davlat xizmatida manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish, davlat xizmatida korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabat muhitini yaratish, qonun hujjatlarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini oʻtkazish, korrupsiya haqida xabar beruvchilarni himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish, korrupsiyaviy omillar va xavf-xatarlarni aniqlash borasida ilgʻor texnologiyalarni joriy etish kabi masalalarda hamkorlik qilish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.