O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy O'zbekiston Respublikasida faoliyat olib borayotgan eronlik tadbirkorlar bilan uchrashdi
2022-09-15 | ShHT
Joriy yilning 15-sentyabr` kuni ShHT Samarqand sammiti doirasida Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy janoblarining O'zbekiston Respublikasida faoliyat olib borayotgan eronlik tadbirkorlar bilan uchrashuvi o'tkazildi.
Unda O'zbekistonning erondagi elchisi B.Abdullaev, Erondan O'zbekistonda qishloq xo'jaligi, baliqchilik, tibbiyot, qurilish va boshqa sohalarda faoliyat olib borayotgan jami 22 ta tadbirkorlar, delegatsiyaning yuqori martabali mehmonlari, ularning hamroh xodimlari va matbuot xodimlari ham ishtirok etdi.
Uchrashuvdan ko'zlangan maqsad O'zbekistonda faoliyat olib borayotgan eronlik tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o'tkazish, ularning tadbirkorlik faoliyatlari bilan tanishish, takliflarini o'rganib chiqishdan iborat.
Bizness-forumda eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy tadbirkorlar bilan muloqot qildi, ularni qiziqtirgan savollarga javob berdi, tadbirkorlarning takliflari eshitildi hamda zarur taklif va tavsiyalar berildi.
Uchrashuv davomida ikki mamlakat savdo-iqtisodiy aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan takliflar, neft va gaz texnoparklar bilan hamkorlik qilish, sun'iy intellekt va AKT sohasida aloqalarni rivojlantirish, davlatlar o'rtasida transport logistika tarmog'ini rivojlantirish va bojxona to'lovlari bilan bog'liq bo'lgan masalalarni muvofiqlashtirish bo'yicha takliflar bildirildi .
Eron tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalari natijasida Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Savdo sanoat palatasi bilan hamkorlikda tegishli vazirlik va idoralarni jalb qilgan xolda har oyda eronlik tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o'tkazish va tegishli choralar ko'rishga kelishildi. Hududlarda faoliyat yuritayotgan eronlik tadbirkorlarning mavjud muammolarini hal qilish va loyihalarini amalga oshirishda yordam ko'rsatish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi hududiy boshqarmalari boshliqlari biriktiriladi. Sun'iy intellekt va boshqa turli sohalarda hamkorlik qilish istagidagi hamda startaplarga qiziqish bildirgan tadbirkorlarga Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Sun'iy intellekt kengashiga a'zo bo'lish, O'zbekiston–Eron qo'shma startap tanlovida ishtirok etish hamda “INNO” va Yashnobod texnoparklari bilan rezidentlik bo'yicha hamkorlik qilish taklif qilindi.
Ma'lumot uchun: O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi “Yashnobod” Innovatsion texnoparki hamda eron Islom Respublikasi “Pardis” texnoparki bilan hamkorlikda umumiy qiymati 2 mln. AQSh dollariga teng startap loyihalar tanlovi e'lon qilingan. Bunda O'zbekiston tomonidan 16 ta va Eron tomonidan esa 15 ta startap loyihalar kelib tushgan. Kelib tushgan loyihalardan, 4 nafar loyiha hamkorlikda amalga oshirish uchun tanlab olindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi