O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Abu Dabi rivojlanish jamg'armasida Orolbo'yi hududi muammolarini bartaraf etish masalalalari muhokama qilindi
2022-09-12 | Ekologiya
Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya Birlashgan Arab Amirliklariga tashrifi doirasida Abu Dabi rivojlanish jamg'armasi bosh direktori o'rinbosari Xalifa Abdulloh Al Qubaysi bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Abu Dabi rivojlanish jamg'armasi tomonidan “Qoraqalpog'iston Respublikasining kam rivojlangan hududlarida qishloq xo'jaligi ishlab chiqarish barqaror tizimini rivojlantirish” loyihasiga ajratilgan 5,1 mln. AQSh dollar grant mablag'lari bo'yicha imzolangan Anglashuv memorandumni amaliyotga tatbiq qilish bosqichlari hamda bajarilishi lozim bo'lgan keyingi qadamlar xususida so'z bordi.
I.Abdurahmonov tomonidan Orolbo'yi hududida qurg'oqchilik va sho'rlanish bilan bog'liq muammolarni hal qilishga qaratilgan startaplar tanlovini davom ettirish uchun mablag' jalb qilish masalasi ko'tarildi. Jamg'arma boshqaruv kengashi tomonidan ushbu masala muhokamaga qo'yilib, ijobiy hal qilish choralari ko'rilishi ta'kidlandi.
Shuningdek, Ibrohim Abdurahmonov Abu Dabidagi "Marlin Farm" kompaniyasining bosh strategik direktori Hamad Numan Al Ali va hammuassisi Suhoil Bacham bilan uchrashdi. Uchrashuv Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiyaning Birlashgan Arab Amirliklariga tashrifi doirasida bo'lib o'tdi.
Xususan, delegatsiya kompaniya tomonidan Sharja Amirligida joylashgan akvaponika usulida qurilgan fermer xo'jaligiga tashrif buyurib, kompaniyaning qishloq xo'jaligidagi innovatsion echimlarini o'zida jamlagan laboratoriya va tadqiqot ishlari uchun mavjud shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi