O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Mubadala va TAQA Talimarjon IESni modernizatsiya qilishga investitsiyalar kiritadi

2022-09-09 | Iqtisodiyot

2022-yil 9-sentabr kuni Toshkent shahrida Birlashgan Arab Amirliklari Mubadala va TAQA kompaniyalari Talimarjon IESga keng ko'lamli investitsiyalar kiritishlarini nazarda tutuvchi bitimlarni imzolash marosimi bo'lib o'tdi. Kelishuvlarning amalga oshirilishi O'zbekistonning eng yirik elektr stansiyasini modernizatsiya qilish va quvvatini kengaytirishga imkon beradi.

Marosimda BAA tomonidan energetika va infratuzilma vaziri Suxeyl al-Mazrui hamda Mubadala va TAQA kompaniyalari rahbarlari, O'zbekiston tomonidan esa Bosh vazir o'rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev, Energetika vazirligi, "Milliy elektr tarmoqlari" va "Issiqlik elektr stantsiyalari" aksiyadorlik jamiyatlari rahbarlari ishtirok etdi.

Imzolangan bitimlar Talimarjon issiqlik elektr stansiyasini boshqaradigan qo'shma korxona tashkil etishni nazarda tutadi. BAA kompaniyalarining investitsiyalari qo'shma korxonaning 300 million dollarlik ustav kapitalidagi 80 foiz ulushi uchun to'lov hamda ilgari "Talimarjon IES" AJ tomonidan jalb qilingan taxminan 700 million dollarlik kreditlarni to'lashga yo'naltiriladigan mablag'lardan iborat. Shunday qilib, BAA kompaniyalari Talimarjon IESga deyarli 1 milliard dollar sarmoya kiritmoqda.

Imzolangan bitimlar BAA kompaniyalari uchun Talimarjon IES va boshqa issiqlik elektr stansiyalarini elektr energiyasi ishlab chiqarishning kombinatsiyalashgan tsiklining eng zamonaviy bug' - gaz qurilmalari bilan jihozlash orqali ularning ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishga qo'shimcha investitsiyalar kiritish imkoniyatini beradi. Ushbu qurilmalar tabiiy gazdan foydalanish, ishlab chiqarish samaradorligi koeffitsienti va atmosferaga chiqarilayotgan chiqindilar darajasi bo'yicha an'anaviy bug' elektr stansiyalaridan bir necha baravar ustundir. Shunday qilib, erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish Talimarjon IESning texnologik darajasi va ishonchliligini sezilarli darajada oshiradi, aholi, ijtimoiy soha va ishlab chiqarish ob'ektlarni barqaror va sifatli elektr toki bilan ta'minlaydi.

Mubadala va TAQA kompaniyalari bilan tuzilgan keng ko'lamli bitimlar Davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan elektr energetikasi sohasidagi islohotlar va mamlakatning investitsiyaviy muhitini tubdan yaxshilash, shuningdek, asosiy maqsadi munosib ish haqi to'lanadigan yuqori texnologiyali ish o'rinlarini yaratish uchun iqtisodiyotni modernizatsiya qilishga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishdan iborat bo'lgan O'zbekistonning izchil tashqi siyosiy kursi natijasidir.

Hamkorlikning navbatdagi bosqichi doirasida BAA kompaniyalari "Talimarjon IES" AJda qo'shimcha ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishga investitsiyalar kiritadi. Strategik energetika sanoatiga chet el investitsiyalarining faol jalb qilinishi yirik infratuzilma aktivlarini tashqi qarz olish yo'li bilan moliyalashtirishning an'anaviy yondashuvini to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga o'zgartirishga imkon beradi va shu bilan respublika tashqi qarzi bilan bog'liq moliyaviy barqarorlikni va suveren kredit reytingining izchil yaxshilanishini ta'minlaydi.

Ma'lumot uchun: Mubadala Abu-Dabi hukumatiga tegishli bo'lgan va dunyoning 30 dan ortiq mamlakatlarida faoliyat yuritayotgan investitsiya kompaniyasi. Kompaniyaning investitsiya portfeli aerokosmik, agrobiznes, AKT, metallga ishlov berish, tog' - kon sanoati, kommunal xizmatlar kabi sohalardagi loyihalarni o'z ichiga oladi. Kompaniyaning umumiy aktivlari 250 milliard dollardan oshadi.

TAQA - bu ADQ investitsiya xoldingiga tegishli bo'lgan va dunyoning 11 dan ortiq mamlakatlarida faoliyat yuritadigan energetika sohasidagi kompaniya. Kompaniya aktivlarining umumiy qiymati 80 milliard dollardan oshadi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться