O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Prezidenti Turkmaniston bilan parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish muhimligini qayd etdi
2022-09-08 | Siyosat
8-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu kunlarda Toshkent shahrida o‘tayotgan jahon mamlakatlari parlamentlari ayol rahbarlarining sammiti doirasida mamlakatimizda bo‘lib turgan Turkmaniston Milliy Kengashi Majlisi Raisi Gulshat Mammedovani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida Majlis Raisi Gulshat Mammedova O‘zbekiston yetakchisiga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Milliy Kengash Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Davlatimiz rahbari mustahkam do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va strategik sheriklik aloqalariga asoslangan O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlarining bugungi yuksak darajasini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma kooperatsiya loyihalarini ilgari surish va madaniy-gumanitar almashinuv dasturini ilgari surishda ikki mamlakat parlamentlari muhim o‘rin tutishi alohida ta’kidlandi.
Parlamentlararo ittifoq, shu jumladan Markaziy Osiyo mintaqasidagi samarali muloqot maydonchalari doirasidagi sermahsul hamkorlikka yuqori baho berildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti