O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“AQShga o‘qishga topshirayotganimni uydagilar bilishmasdi” – AQShda o‘qiyotgan hamyurtimiz bilan suhbat
2022-09-08 | Yoshlar
Iqtidorli qizlardan biri bo‘lgan Sabina Nabiyeva hozirda AQShdagi Arizona universitetida ta’lim olmoqda.
Nabiyeva Sabina 18 yoshda, Farg‘ona viloyati Beshariq tumanida tug'ilgan. “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiati. Hozirda AQShning nufuzli Arizona universiteti (The University of Arizona)da kompyuter texnologiyalari yo‘nalishida tahsil olmoqda.
– Nima uchun aynan IT yo‘nalishini tanlagansiz?
– Kompyuter texnologiyalari yo‘nalishini, eng avvalo, qiziqishlarimdan kelib chiqib tanlaganman. Ukam bilan IT-Park darslariga borardik, u bilan raqobatlashib, kodlar yozardik, IT’ga qiziqishim shu tarzda ortgan. Bundan tashqari, bu sohaning kelajak kasbi hisoblanishi hamda soha vakillarining jamiyatdagi o‘rni kun sayin ortib borayotgani ham IT sohasini kelajakdagi kasbim sifatida tanlashimga turtki bo‘ldi.
– Bu yo‘nalishni tanlaganingizdan beri qandaydir muammo yoki qiyinchiliklar bo‘lmadimi? Kimlar qo‘llab-quvvatladi, nimalar motivatsiya berdi?
– IT'ni tanlaganimda menda hech qanday to‘siq bo‘lmadi, ota-onam meni qo‘llab-quvvatlashdi. Tumanimizdagi IT-Park’ga darsga borardim, u yerda mendan boshqa birorta ham qiz yo‘q edi. “Bu qiz bolaga mos narsa emas!” degan stereotiplar tufayli boshqa qizlar IT-Park’ga kelishmasdi. Men stereotiplarga qarshi turdim, chunki dasturlashni o‘rganishga qattiq bel bog‘lagandim. “Nega endi bu yo‘nalish qiz bolaga mos kelmas ekan? Axir dunyodagi birinchi dasturchi ayol kishi bo‘lgan-ku”, deya maqsadimda qat’iy turdim.
– Xorijiy OTMga kirish jarayoni qiyin kechmadimi?
– O‘ziga yarasha qiyinchiliklar bo‘ldi...
AQShga o‘qishga topshirayotganimni uydagilar bilishmasdi, chet elda o‘qishimga ruxsat berishadimi-yo‘qmi bilmasdim. Shuning uchun ularga aytmay, xonamda kechalari bilan uxlamasdan universitetlarga “application” topshirib chiqqanman. Uyqusiz tunlar, depressiya, ko‘rish qobiliyatining pasayishi...
Biroq menda kuchli netvorking borligi bu jarayonni anchayam osonlashtirdi. Respublikamizning turli viloyatlaridan bo‘lgan bilimli do‘stlarim qo‘llab-quvvatlab, yordam berib turishdi.
– Mana AQShdagi nufuzli oliygohda o‘qishni ham boshlab oldingiz. Ilk taassurotlaringiz qanday?
– Tassurotlarim juda ajoyib. AQShdagi ta’lim tizimi menga yoqdi, professorlarning dars o‘tish metodikasiga gap bo‘lishi mumkin emas! Bu yerda turli mamlakatlardan kelgan talabalar bilan birga o‘qish va butun dunyo bo‘ylab do‘stlar orttirish imkoniyati bor!
– Keyingi 5-10 yilda o‘zingizni qanday tasavvur qilasiz?
– Keyingi 5-10 yilda o‘zimni O‘zbekistonning kelajak bunyodkorlaridan biri sifatida ko‘raman. “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiati bo‘lishning talablaridan biri o‘qishni tamomlagach, ish joyidan kafolat xati taqdim etish. Menga Amerikada o‘qishimni bitirib kelgach, AKT vazirligiga ishga olinishim to‘g‘risida kafolat xati berilgan. Keyingi 10 yil ichida shu vazirlikda ishlab, yurtimizda axborot texnologiyalarini rivojlantirishga o‘z hissamni qo‘shmoqchiman. Eng katta orzum esa O‘zbekistonning 3-renessans qahramoni bo‘lish.
– Tengdoshlaringizga, shu yo‘nalishga qiziqayotganlarga qanday maslahat/tilaklar bildirasiz?
– IT yo‘nalishida chegaralar yo‘q, jinsidan va yoshidan qat’iy nazar hamma IT'ni o‘rganishi mumkin. To‘g‘ri, bu oson soha emas. Sabrli va qiziquvchan bo‘lsangiz, dasturchilikda muvaffaqiyatga erisha olasiz. Boshida oson ko‘rinadi, HTML va CSS’ni o‘rganish qismini hamma ham eplay oladi, lekin dasturlash tillarini jiddiy o‘rganish boshlanganida ko‘p o‘rganuvchilar “IT kurslari menga emas ekan”, deb tashlab ketganiga guvoh bo‘lganman. IT’ni boshladingizmi oxirigacha boring, Sizda cheksiz imkoniyatlar bor. Onlayn kurslar ham talaygina, yurtimizning barcha hududlarida IT-parklar ochildi, turli loyihalar tashkil etilyapti. Bunday imkoniyatlarni qo‘ldan boy bermang!
Ma’lumot uchun: AKT vazirligi tomonidan soha yo‘nalishi bo‘yicha "El-yurt umidi" jamg‘armasi tanlovlariga hujjat topshirgan iqtidorli yoshlarga o‘qishni tamomlab kelganlaridan so‘ng ishga qabul qilish bo‘yicha kafolat xatlari berilmoqda. Xususan, joriy yilda o‘tkazilgan tanlovlarda vazirlik tomonidan jami 4 nafar iqtidorli yoshlarga kafolat xati taqdim etilgan.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi