O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qurilish sohasida innovatsion texnologiyalar haftaligi start oldi
2022-09-06 | Texnologiyalar
O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligida «Qurilish sohada innovatsion texnologiyalar haftaligi» o'z ishini boshladi. Mazkur haftalik joriy yilning 5-sentabridan 9-sentabriga qadar davom etadi.
Tadbirda Qurilish vazirligi, O'zsanoatqurilishmateriallar uyushmasi, «Toshkent arxitektura-qurilish instituti» innovatsion mahsulotlar hamda drayver loyihalari bilan ishtirok etmoqda.
Anjumanda ta'kidlanganidek, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan respublika iqtisodiyoti sohalari va hududlarning intellektual va texnologik salohiyatini oshirish, ilmiy va innovatsion faoliyat uchun zamonaviy infratuzilmalarini shakllantirish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jahon mamlakatlarining innovatsion rivojlanish tendentsiyalarini belgilab beradigan Global innovatsion indeks reytingida O'zbekiston 132 ta davlat orasida 86-o'rinda qayd qilindi – 2020 yildagi o'ringa nisbatan 7 pog'onaga, 2015-yildagiga nisbatan 36 pog'ona yuqoriladi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmoniga asosan ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo'lgan 140 ta tashkilotlarda rahbarning innovatsiyalar bo'yicha o'rinbosarlari joriy etildi, 130 ta tashkilotda innovatsion faoliyat bilan shug'ullanuvchi bo'linmalar tashkil etildi hamda uch yilga mo'ljallangan «yo'l xaritalari» tasdiqlandi.
2021-2022 yillarda qurilish sohasini rivojlantirish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi hisobidan umumiy qiymati 5,184 mlrd so'mlik bo'lgan 3 ta amaliy va 1 ta innovatsion loyiha moliyalashtirilgan.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi