O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Sirdaryoda "Ishbilarmon ayol – 2022" ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi
2022-08-25 | Jamiyat
Guliston shahrida “Ishbilarmon ayol – 2022” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Dastlab tadbirkor, ishbilarmon, hunarmand, fermer xotin-qizlarning mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
An’anaviy tashkil etib kelinayotgan mazkur tanlovning tuman va shahar bosqichlarida 80 nafardan ziyod tadbirkor, ishbilarmon va fermer ayollar ishtirok etdi. Tuman va shahar bosqichlarida faol ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 11 nafar tadbirkor va fermer ayol hududiy bosqichga yetib keldi. Baholash jarayonida ishtirokchilar tomonidan yangi ish o‘rinlari yaratish, eksport salohiyati, investitsiyalar jalb qilish va shu kabi mezonlar e’tiborga olindi.
Hakamlar hay’ati xulosalariga ko‘ra, Sayxunobod tumanidagi "Olimjon qizi Shoiraxon" fermer xo‘jaligi rahbari Shoira Shamatova g‘olib, deb topildi. Mazkur fermer xo‘jaligida o‘ndan ortiq doimiy, 50 ga yaqin mavsumiy ish o‘rni yaratilgan. Ularning 4 nafari “Ayollar daftari”ga, 3 nafari esa “Yoshlar daftari”ga kiritilgan.
Ikkinchi o‘rinni Yangiyer shahridagi "Bekajon Yan" xususiy korxonasi rahbari Erkinoy Mamajonova, uchinchi o‘rinni Sardoba tumanidagi "Nurafshon dala sari" fermer xo‘jaligi rahbari Oysara Mamatqulova egalladi.
Shuningdek, turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar e’lon qilindi.
Ularga diplom va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Manba: O'zA