Davlat ekologiya qo‘mitasi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) hamkorligida iqlim o‘zgarishi sohasida yangi mintaqaviy loyihasining amalga oshirilishi boshlandi.
Shu munosabat bugun grant loyihasini amalga oshirish bo‘yicha Davlat ekologiya qo‘mitasi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) o‘rtasida bitim imzolandi.
Markaziy Osiyoda iqlim xavflarini boshqarish mintaqaviy loyihasi O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmanistonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Loyihaning umumiy qiymati 10 million yevroni tashkil etib, Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi tomonidan moliyalashtiriladi hamda 2022-2026-yillarda implementasiya qilinadi.
Loyiha Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining (GIZ) “Yashil Markaziy Osiyo” mintaqaviy dasturi doirasida ishlab chiqilgan.
Tadbirda O‘zbekiston iqlim kun tartibining eng muhim jihati “yashil” iqtisodiyotga bosqichma-bosqich o‘tish ekanligi qayd etildi. Ekspertlarning ta'kidlashicha, iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish, uglevodorodlardan foydalanishni qisqartirish, qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini oshirish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda. Shunday qilib, 2030-yilga kelib energiya samaradorligi ko‘rsatkichi ikki baravar oshishi va yalpi ichki mahsulotning uglerod iste'molini pasayishi kutilmoqda.
Loyihaning amalga oshirilishi Davlat ekologiya qo‘mitasi hamda iqlim o‘zgarishi sohasidagi davlat idoralari mutaxassislari uchun kadrlar salohiyatini institusional mustahkamlash va rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan iqlim kun tartibi bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga va o‘zaro transchegaraviy hamkorlikni mustahkamlashga yordam beradi.
Shu bilan birga, xalqaro moliya institutlari va boshqa xalqaro tashkilotlarga moliyalashtirish uchun loyiha takliflarini ishlab chiqishda ko‘maklashadi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi