O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Shahrisabzda "Yoshlar turizmi" qurultoyining rasmiy ochilish marosimi bo'lib o'tdi
2022-08-10 | Yoshlar
Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumanida "Yoshlar turizmi" qurultoyining rasmiy ochilish marosimi o'tkazildi. Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-aprelda qabul qilingan ''Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" qarori ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil qilinmoqda.
Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Qashqadaryo viloyati hokimligi hamkorligida o'tkazilayotgan qurultoyning ochilish marosimida Bosh vazir o’rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov nutq so'zladi.
"Bugungi kunda yurtimizda yoshlarga doir davlat siyosati amaldagi islohotlarimizning asosoiy yoʻnalishlaridan birini tashkil etadi. Kuni kecha davlatimiz rahbari boshchiligida boʼlib oʼtgan yigʼilishda ham iqtidorli yoshlarga yanada keng imkoniyatlar berildi. Jumladan, yosh mutaxassislarni tanlash Dasturi doirasida bitiruvchi kurslardagi qobiliyatli talabalar saralanib, vazirlik va hokimlik tizimida amaliyot oʼtashi va oʼqishni tamomlagach, ishga qabul qilinishi belgilandi. Buning natijasida mahalladan – respublikagacha tamoyili asosida kadrlarni shakllantirish tizimi yaratiladi. - dedi vazir. - Oʻylaymanki, bugungi Qurultoy ham iqtidorli yoshlarni saralash, ularning turizmni rivojlantirishga oid loyihalarini qoʻllab-quvvatlash orqali malakali mutaxassislarni tayyorlash, yoshlar bandligini ta’minlashga asos boʻlib xizmat qiladi".
Aziz Abduhakimov Qashqadaryo viloyati hokimligi va boshqa tashkilotlarga qurultoyni tashkil etishdagi hamkorlik uchun minnatdorlik bildirdi. Ta’kidlash joizki, qurultoyning birinchi kunida 15 mingdan ortiq kishi qatnashdi. Ularning 700 nafardan ortig‘i O‘zbekistonning barcha viloyatlaridan kelgan yoshlardir. Bundan tashqari, tadbirda boshqa mamlakatlardan kelgan xorijlik ishtirokchilar ham ishtirok etdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi