O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Uzbekistan GTL” zavodi nufuzli xalqaro mukofot nomzodlari ro‘yxatiga kiritildi
2022-08-09 | Iqtisodiyot
“Uzbekistan GTL” zavodi loyihasi AQSHning neft va gazni qayta ishlash sohasidagi yetakchi bo‘lgan Hydrocarbon Processing jurnalining HP Awards nufuzli mukofotining “Eng yaxshi gazni qayta ishlash texnologiyasi nominatsiyasi”da kuchli uchlikka nomzod sifatida tanlandi.
Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Taqdim etilgan xabarga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz” AJ va uning “Uzbekistan GTL” tarkibiy bo‘linmasi O‘zbekistondagi GTL zavodi AQSHning yetakchi texnik “Hydrocarbon Processing” nashri tomonidan “ulkan yutuqlari uchun” soha mukofoti uchun eng kuchli uchlikka nomzod sifatida tanlangan. Zavod “Eng yaxshi gazni qayta ishlash texnologiyasi nominatsiyasi”da nomzod bo‘ldi va nufuzli “NR” mukofotlari Maslahat kengashi tomonidan ovozga qo‘yildi.
–Uzbekistan GTL zavodining ushbu mukofotga nomzodlar ro‘yxatiga kiritilgani “O‘zbekneftegaz” aksiyadorlik jamiyati uchun katta sharafdir, –dedi “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev. – Bu bizning biznes va tashkiliy faoliyatimizning barqarorligini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarimiz xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganidan dalolatdir. Bu juda ilhomlantiradi. Men hamkasblarim, hamkorlarimiz va ushbu e’tirofga erishish yo‘lida fidoyi mehnat qilgan barcha insonlarga minnatdorchiligimni bildiraman.
“Uzbekistan GTL” zavodi bosh direktori Faxriddin Abdurasulov bunday quvonchli xabar jamoa uchun katta faxr ekanini ta’kidlaydi.
–Bu “Uzbekistan GTL” va bizning 1000 ga yaqin ishchi-xodim va muhandislar va ushbu ajoyib zamonaviy inshootni O‘zbekistonda ishga tushirishga o‘z hissasini qo‘shgan barcha insonlar uchun juda faxrli lahzadir. Mazkur mukofotni qo‘lga kiritish ushbu loyihada tinimsiz va fidoyilik bilan ishlagan xalqaro mutaxassislar jamoasi uchun katta ahamiyat kasb etgan bo‘lar edi, – dedi u.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilgi mukofotlar g‘oliblari 2022 yil 12 oktyabrda Xyustonda bo‘lib o‘tadigan tadbirda e’lon qilinadi.
Manba: O'zA