O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Dolzarb 30 kunlik: Paxtachilik kengashi Beshariq tumaniga tashrif buyurdi
2022-08-05 | Jamiyat
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik Kengashi Farg'ona viloyati Beshariq tumanida “Lux Yan Tex” MChJ paxta-to'qimachilik klasteriga biriktirilgan paxta maydonlari bilan tanishdi.
Beshariq tumani hokimligida Kengash raisi hamda Farg'ona viloyati hokimining qishloq xo'jaligi masalalari bo'yicha o'rinbosari boshchiligida tumanga biriktirilgan Ishchi guruh shu kunga qadar amalga oshirgan ishlar bilan tanishish bo'yicha yig'ilish o'tkazildi.
Beshariq tumanidagi «Navro'zbek Fayzi Zamini» fermer xo'jaligi ning 40,2 ga er maydonlarida ekilgan S-6775 paxta navi ko'zdan kechirilib, sug'orish tizimini o'zgartirish, paxta navini boshqa navga o'zgartirish kabi tavsiyalar berildi.
Namangan-77 paxta navi ekilgan «Po'latxon Solievna» fermer xo'jaligiga tegishli 56,7 ga maydonlarini o'rganish natijasida me'yoridan 5 barobar ko'p mineral o'g'itdan foydalanilgani, nav eskirgani va ko'chatlarning pastki qismlarida ko'saklar sustlashganligi aniqlanib, tegishli choralar ko'rish bo'yicha ko'rsatmalar berildi.
S-6775 «elita» urug'chilik paxta navi ekilgan «Savriniso Abduraxmonova» fermer xo'jaligidagi 49,1 gektar maydon erlari ko'zdan kechirilib, paxta navlari aralashib ketgani, SOJEAN agrokimyoviy vositasi me'yordan ortiq ishlatilganligi, ko'chatlar bo'yi pastligi aniqlandi. Keltirilgan kamchiliklarni bartaraf etish uchun mazkur urug'chilik maydondan 10 ming sifatli urug'chilik ko'chatini saralab olib, qolgan ekinlarni texnik paxta maydonlar qatoriga qo'shib qo'yish topshirig'i berildi.
Tashrif yakuni bo'yicha, “Lux Yan Tex” MChJ paxta-to'qimachilik klasteri qoshida quyidagi yo'nalishlar bo'yicha xizmat ko'rsatish (spin-off) korxonalarini tashkil etish topshirig'i berildi: tomchilatib sug'orish texnologiyalari bo'yicha servis kompaniyasi, o'g'itlash bo'yicha servis kompaniyasi hamda zararkunandalarga qarshi kurashish bo'yicha servis kompaniyasini tashkil etish.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi