O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Buxoroda olti oyda 196 ta loyiha ishga tushirildi
2022-08-02 | Iqtisodiyot
Bu haqida Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida viloyat hokimi Botir Zaripov ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, Buxoro viloyatini rivojlantirish hududiy dasturiga muvofiq joriy yilning birinchi yarimida qiymati 1 trillion so‘m bo‘lgan 144 ta loyiha ishga tushirilishi hisobiga 1 ming 229 ta yangi ish o‘rni yaratilishi belgilangan. Amalda qiymati 2,8 trillion so‘m bo‘lgan 196 ta loyiha ishga tushirilgan. Natijada 2 ming 921 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Xususan, Buxoro shahridagi “Buxoro Agroklaster DZZ” MCHJ tomonidan umumiy qiymati 4,4 million dollarlik bir kecha kunduzda 60 tonna sutni qayta ishlash quvvatiga ega, 43 turdan ortiq import o‘rnini bosuvchi tayyor mahsulotlar (pishloq, sariyog‘, brыnza) ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi asosida
50 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Shu bilan birga, Shofirkon tumanida “Buxara Azteks” MCHJ tomonidan qiymati 95 milliard so‘mga teng bo‘lgan tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi amalga oshirilishi hisobiga 1000 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi.
2022-yil yakuniga qadar umumiy qiymati 9,8 trillion so‘m bo‘lgan 521 ta hududiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish, 12 ming 152 kishini ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Xususan, Jondor tumanida “Yakkatut savdo ishlab chiqarish” MCHJ negizida qiymati 109,2 milliard so‘mga teng bo‘lgan o‘zlashtirilmagan yerlardan foydalanib, chorva mollariga ozuqa yetishtirish hamda un ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasini ishga tushirish natijasida 385 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Shuningdek, Qorovulbozor tumanida "BUKHARA EURO CEMENT" MCHJ negizida qiymati 225,7 milliard so‘mga teng bo‘lgan sement ishlab chiqarish uchun klinker mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish (2-bosqich) loyihasini ishga tushirish natijasida 150 ta yangi ish o‘rni tashkil etiladi.
O‘zbekiston Respublikasining 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan davlat Investitsiya dasturiga muvofiq, joriy yilning birinchi yarim yilligida 104,1 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar o‘zlashtirilishi rejasi 160,1 million dollarga
(154 foizga) bajarildi. Mazkur dasturga ko‘ra shahar va tumanlar hokimliklari mas’ul bo‘lgan qiymati 186,8 million dollarga teng bo‘lgan 15 ta yirik investitsiya loyihalari asosida 2 ming 645 nafar kishi ish bilan ta’minlanadi. Shu bilan birga, tarmoq tashkilotlari mas’ul bo‘lgan yirik strategik tarmoq investitsiya loyihalari foydalanishga topshiriladi.
Jumladan, Qorako‘l tumanida “Sanoat energetika guruhi” MCHJ xorijiy korxonasi tomonidan qiymati 2,7 milliard dollarga teng bo‘lgan yiliga 1,3 milliard kub metr gazni qayta ishlaydigan gaz-kimyo kompleksini barpo etish loyihasini yo‘lga qo‘yish hisobiga 1 ming 300 ta ish o‘rni yaratilishi ta’minlanadi. Natijada eng zamonaviy texnologiyalar asosida, yiliga 770 ming tonna polimerlar ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi.
G‘ijduvon va Peshku tumanlarida “ACWA Power” MCHJ xorijiy korxonasi negizida quvvati 500 MVtdan bo‘lgan 2 ta shamol elektr stansiyalarini qurish loyihalarini yo‘lga qo‘yish hisobiga 2000 ta ish o‘rni yaratilishi ta’minlanadi. Natijada 2000 ta ishlab chiqarish korxonalarini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlanadi.Shu bilan birga, 2022-yilning yakuniga qadar 304,9 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar o‘zlashtiriladi.
Manba: O'zA