O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O'zbekiston va Ozarbayjon o'rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish doirasidagi dolzarb vazifalar belgilandi
2022-08-02 | Iqtisodiyot
O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev O'zbekistonda ishchi tashrif bilan bo'lib turgan Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri Mikayil Jabbarov bilan uchrashuv o'tkazdi.
Uchrashuv davomida investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, transport va logistika sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar joriy yilning iyun oyida Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining O'zbekiston Respublikasiga tashrifining ahamiyati va natijadorligini ta'kidladilar. Oliy darajadagi to'g'ridan-to'g'ri muloqot barcha sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni jadallashtirishga, shuningdek, o'zaro manfaatli hamkorlikning yangi "o'sish nuqtalarini" kashf etishga imkon yaratdi.
Suhbat davomida so'nggi besh yil ichida O'zbekistonda Ozarbayjon kapitali asosida tashkil qilingan qo'shma korxonalar soni 4 baravar ko'payib, 243 tani tashkil etgani aytildi. O'z navbatida, Ozarbayjonda o'zbek kapitali ishtirokida 70 ta korxona faoliyat ko'rsatmoqda. Tomonlar neft-gaz, kimyo sanoati, to'qimachilik va qishloq xo'jaligi sohasida qiymati 500 million dollardan ortiq bo'lgan 87 ta qo'shma loyiha va savdo shartnomalarini o'z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo'yicha sa'y-harakatlarni kuchaytirishga kelishib oldilar.
Bundan tashqari, muloqot davomida tomonlar O'zbekiston-Ozarbayjon Investitsiya jamg'armasini tashkil qilish tashabbusini amalga oshirishni davom ettirish niyatida ekanliklarini tasdiqladilar va shu munosabat bilan qisqa vaqt ichida uning faoliyatini tashkil etish bo'yicha "Yo'l xaritasi"ni shakllantirishga, shuningdek tegishli Hukumatlararo bitimni ishlab chiqishni boshlashga kelishib oldilar.
Transport va logistika aloqalarini mustahkamlash istiqbollarini muhokama qilish chog'ida muzokaralar ishtirokchilari O'zbekiston va Ozarbayjon o'rtasida xalqaro avtomobil transporti to'g'risidagi hukumatlararo bitim doirasida amaliy chora-tadbirlar qabul qilishni jadallashtirishga, shuningdek, "KASPAR" paromlarida Kaspiy dengizi orqali O'zbekiston uchun tovarlar ortilgan vagonlarni tashishni tezlashtirishga kelishdilar.
Alohida tartibda tomonlar joriy yilning noyabr oyida Toshkentda milliy tovarlar ko'rgazmasini tashkil qilish, shuningdek, O'zbekiston va Ozarbayjon hududlarining Birinchi forumini yuqori darajada o'tkazishni nazarda tutgan holda hududlararo hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar. Forumga tayyorgarlik ko'rish doirasida investitsiya loyihalari paketini hamda hududlar o'rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha aniq takliflar ishlab chiqiladi.
Uchrashuv yakunida iqtisodiy sheriklikni rivojlantirishda aniq natijalarga erishish uchun muhokama qilingan barcha sohalarda birgalikda ishlashni davom ettirishga sodiqlik bildirildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi