O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
«Hududning 100 nafar ixtirochi ayoli» xotin-qizlar haftaligi o'z ishini boshladi
2022-08-02 | Jamiyat
Samarqand iqtisodiyot va servis institutida O'zbekiston Oila va xotin-qizlar qo'mitasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan tashkil etilgan «Hududning 100 nafar ixtirochi ayoli» haftaligi o'z ishini boshladi.
Haftalikni Innovatsion rivojlanish vaziri o'rinbosari, professor Shahlo Turdiqulova, Samarqand viloyat hokimi o'rinbosari Oila va xotin-qizlar qo'mitasining Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig'i Z.P.Raxmanova, Samarqand viloyati Ixtirochi ayol uyushmasi Samarqand bo'limi rahbari, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti prorektori D.X.Aslanova ochi berdilar.
Shahlo Turdiqulova olima ayollarimizning safi kengayib borayotgani, ularning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan dasturiy ishlanmalari, innovatsion g'oyalari, ixtirochilik va ratsionalizatorlik faoliyati ta'lim va ilm-fan sohasi rivojiga salmoqli hissa qo'shayotgani mamlakatimizda xotin-qizlarga berilayotgan yuksak e'tibor, yaratilgan shart-sharoit hamda keng imkoniyatlar haqida so'zlab berdi.
Mazkur tadbir xotin-qizlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, tadbirkorlik va ixtirochilik faoliyatiga keng jalb qilish, intellektual mulk ob'ektlarini huquqiy muhofaza qilishlariga ko'maklashish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida mehnat qilayotgan xotin-qizlarining faoliyatlariga innovatsion yondashuvni joriy qilish maqsadida o'tkazilmoqda. Xotin-qizlar tomonidan yaratilgan innovatsion mahsulotlar, texnika, texnologiyalarni amaliyotga joriy qilish va ishlab chiqarish korxonalari ochish bo'yicha maqsadli ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Haftalik doirasida 1-6-avgust kunlari «Ixtirochi ayollar – 2022» mavzusidagi forum, ilmiy ishlanmalar tanlovi, tadbirkor va ishtirokchi ayollar uchun o'quv seminarlar bo'lib o'tadi. Shuningdek, Samarqand viloyati xotin-qizlarning innovatsion ishlanmalari va tadbirkor ayollar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar ko'rgazmasi ham tashkil qilindi.
Haftalik doirasida ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug'ullanayotgan iqtidorli xotin-qizlar uchun ilmiy ishlanmalarni rasmiylashtirish va bozorga chiqarish tartibi, tadbirkor ayollar uchun biznesni rivojlantirish sirlari, zamonaviy buxgalteriya, marketing va menejment bo'yicha o'quv seminarlari o'tkaziladi. Ularda iqtidorli xotin-qizlarning tegishli soha korxonalarining ilmiy, texnik va texnologik muammolari bo'yicha olingan patentlari asosida innovatsion loyihalarini tayyorlab, Innovatsion rivojlanish vazirligi, agentliklar, xolding kompaniyalari, aktsiyadorlik jamiyatlari, sanoat korxonalari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan o'tkaziladigan tanlovlarda qatnashishlari bo'yicha tashkiliy ishlar amalga oshirildi. Shuningdek, iqtidorli xotin-qizlarning xorijiy mamlakatlarning oliy o'quv yurtlari, innovatsiya markazlari va sanoat korxonalarida o'z malakalarini oshirishga yuborish hamda xalqaro anjumanlar, seminarlar, yarmarkalar va ko'rgazmalarda ishtirok etishlari bo'yicha maqsadli ishlar bajariladi.
Ochilish marosimi va tadbirlarda O'zbekiston Oila va xotin-qizlar vazirligi Samarqand viloyati boshqarmasi, O'zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish Samarqand departamenti, Samarqand viloyatining barcha oliy o'quv yurtlari professor-o'qituvchilari, doktorantlari, tadbirkor ayollar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi