O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo'yicha O'zbekiston-Bangladesh hukumatlararo komissiyasining 3-yig'ilishi bo'lib o'tdi
2022-07-29 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 29-iyul kuni Dakka shahrida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo'yicha O'zbekiston-Bangladesh hukumatlararo komissiyasining 3-yig'ilishi bo'lib o'tdi.
Yig'ilishga O'zbekiston Respublikasi Bosh vazir o'rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev va Bangladesh Xalq Respublikasi savdo vaziri Tipu Munshi raislik qildi.
Muloqotda, shuningdek, ikki mamlakatning asosiy vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari, diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
Savdo-iqtisodiy munosabatlar, sanoat kooperatsiyasi va madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikning hozirgi holati hamda ularni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar savdo munosabatlarini tiklash, shu jumladan tovarlar nomenklaturasini kengaytirish, savdo to'siqlarini bartaraf etish, o'zaro ko'rgazma va yarmarkalarni tashkil etish, shuningdek, mamlakatlar o'rtasida ikki yoqlama soliqqa tortilishiga yo'l qo'ymaslik to'g'risidagi bitimni imzolashni jadallashtirish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar ko'rishga kelishib oldilar. Bu, o'z navbatida, ikki tomonlama tovar aylanmasini sezilarli darajada kengaytiradi va iqtisodiy hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi.
Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish istiqbollariga to'xtalib, tomonlar Investitsiyalarni rag'batlantirish va o'zaro himoya qilish to'g'risidagi Bitimni faollashtirishga hamda yuqori qo'shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish bo'yicha qo'shma korxonalar tashkil etilishini rag'batlantirishga kelishib oldilar. Shu nuqtai nazardan, O'zbekiston va Bangladesh o'rtasida 2023- yilgacha IT-texnologiyalar, charm sanoati kabi ustuvor yo'nalishlarda loyihalarni amalga oshirish, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bo'yicha O'zbekistonning erkin iqtisodiy zonalarida to'qimachilik klasterlarini tashkil etishni nazarda tutuvchi Sanoat sohasida hamkorlik dasturini ishlab chiqish rejalashtirildi.
Farmatsevtika sohasida o'zaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tomonlar O'zbekiston Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi va Bangladesh Farmatsevtika sanoati assotsiatsiyasi o'rtasida O'zbekiston va Bangladeshda ishlab chiqarilgan dori vositalarini ikki mamlakat hududida ro'yxatdan o'tkazishni soddalashtirishni nazarda tutuvchi Hamkorlik to'g'risida Memorandumni imzolashga kelishib oldilar.
Oziq-ovqat xavfsizligi, shu jumladan urug'chilik sohasida aniq chora-tadbirlar va amalga oshirish mexanizmlari belgilab qo'yilgan Qo'shma tadqiqotlar dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash hamda O'simliklar karantini sohasida hamkorlik to'g'risida Bitimni imzolashni tezlashtirish yuzasidan yakdil qarorga kelindi.
Tomonlarning diqqat markazida madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish masalalari ham bor edi. O'zbekiston va Bangladesh o'rtasida diplomatik aloqalar o'rnatilganligining 30 yilligi munosabati bilan 2022-yil davomida Bangladeshda O'zbekiston madaniyati kunlari va O'zbekistonda Bangladesh madaniyati kunlarini o'tkazishga kelishildi. Bundan tashqari, turizm sohasidagi hamkorlikni jadallashtirish, jumladan, "Umra+" dasturi doirasida tranzit yo'nalishlari bo'ylab o'tayotgan Bangladesh ziyoratchilarining O'zbekistonning turizm infratuzilmasidan foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida muhokama qilingan tashabbuslar va erishilgan kelishuvlar hamda ularni amalga oshirishning aniq muddatlari aks ettirilgan tegishli bayyonnoma qabul qilindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi