O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Media sohasida O‘zbekiston – BAA hamkorligi
2022-07-29 | Jamiyat
“WAM” rahbarining O‘zAga maktubi
Muhammad Jalol Ar-Raisiy,
Birlashgan Arab Amirliklari
axborot agentligi - “WAM” bosh direktori:
– Bugungi kunda do‘st mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabat, jumladan, ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi hamkorlik jadal rivojlanib borayotganidan juda xursandman.
Bir-birimizning yangiliklarimizni almashish va sohada boshqa turli yo‘nalishlardagi sheriklik bo‘yicha mustahkam kelishuvga ega ekanimiz quvonarli. Ishonchim komil, bu siyosiy, iqtisodiy, madaniy va boshqa sohalardagi o‘zaro munosabatni sezilarli darajada to‘ldiradi. Ommaviy axborot vositalari hamkorligi mohiyatan xalqlarimizning bir-birini bilishi, an’ana va madaniyatimiz, boy merosimiz qadrlanishi uchun eng yaxshi vositadir.
O‘zbekiston Prezidentining bir bayonotida aytgan quyidagi fikri BAA qarashlariga ham to‘g‘ri keladi: “Bir narsani tushunish kerak: fansiz, innovatsiyasiz hech qachon oldimizga qo‘yilgan maqsadlarga erisha olmaymiz. Biz hisobot uchun emas, balki natija uchun ishlashimiz kerak”.
Birlashgan Arab Amirliklari rahbariyati ham doim bir tomondan ilm-fan va texnologiyadan optimal foydalanishga intiladi, ikkinchi tomondan jamiyatning barcha jabhalarida innovatsiyani milliy qurilishning asosiy tamoyili sifatida qo‘llab-quvvatlaydi. Shu nuqtai nazardan men nafaqat axborot almashish uchun o‘ta liberal platformaga, balki eng so‘nggi texnologik ishlanmalardan samarali foydalanuvchiga aylangan O‘zbekistonning media sohasida erishgan yutuqlarini mamnuniyat bilan qayd etaman. BAA mamlakatingiz bilan ayni yo‘nalishdagi sheriklik yanada mustahkamlanishini intiqlik bilan kutadi.
Joriy yil noyabr oyi o‘rtalarida Abu-Dabida bo‘lib o‘tadigan “Global Media kongressi” biz uchun hamkorligimiz salohiyatini yuzaga chiqarish va yanada yuksaltirish uchun ajoyib imkoniyat bo‘ladi.
Arab dunyosi O‘zbekistonni nafaqat mintaqadagi bugungi obro‘-e’tibori tufayli, balki qadimiy sivilizatsiyasi, ayniqsa, o‘rta asrlar islom olamiga oid bilimlar manbai, fan rivoji yo‘lidagi beqiyos xizmatlari, azaliy ilm-u urfon maskanlaridan biri sifatida biladi. Shu bois bu yurtga tarixiy va sivilizatsiyaviy meros nuqtai nazaridan yuksak hurmat bilan qaraymiz.
O‘sha davrlarda O‘zbekistonning astronomiya va me’morchilik sohasida erishgan ulkan yutuqlarini ham e’tirof etamiz. Muborak islomga doir fikr va so‘z shaklidagi eng buyuk meros go‘zal va tinchliksevar diyoringizda joylashgan. Fursatdan foydalanib, qardosh O‘zbekiston rahbariyati va xalqiga, ayniqsa, mamlakatingizdagi ommaviy axborot vositalari vakillariga yana bir bor ezgu tilaklarimni bildiraman. O‘zA jamoasini esa Yangi O‘zbekiston media sohasining xalqaro targ‘iboti uchun keng imkoniyat yaratishi mumkin bo‘lgan “Global Media kongressi”ga taklif etaman.
Manba: O'zA