O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
«InnoWeek-2022» Xorazm viloyatida bo'lib o'tmoqda
2022-07-29 | Innovatsiya
Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan “InnoWeek-2022» innovatsion g'oyalar hududiy ko'rgazmasi o'z ishini boshladi. Ko'rgazmaning ochilish marosimi Urganch shahrining «Kengashlar uyi» binosida bo'lib o'tdi. Unda Xorazm viloyati hokimi o'rinbosari M.Achilov va Innovatsiyalar Milliy ofisi Bosh direktori o'rinbosari Rustam Kuchkarbaev ishtirok etdilar.
Tadbirdan ko'zlangan asosiy maqsad -- tadbirkorlar, ishbilarmonlar va yosh olimlarni, startap loyihalarni bir maydonga to'plash, ularning muloqotini tashkil etishdir. Shuningdek ko'rgazma doirasida ilmga asoslangan tadbirkorlikni amalga oshirish bo'yicha mavjud muammolarning echimlarini topish, loyihalarni rivojlantirishga qaratilgan seminar va treninglar o'tkaziladi. Ko'rgazma, o'z navbatida, yoshlarni ilm-fanga bo'lgan qiziqishini oshirishga, bu sohada ularga yaratilgan imkoniyatlar haqida ma'lumotlar olishlariga xizmat qiladi.
Xorazm viloyatidagi ko'rgazmada oliy ta'lim muassasalari, ishlab chiqarish korxonalari, ilmiy tadqiqot tashkilotlari, startap loyihalar mualliflari va tadbirkorlardan iborat 38 nafar ishtirokchi 120 dan ortiq innovatsion mahsulotlari, texnologiya va ishlanmalari bilan qatnashmoqda.
Ko'rgazmaga, shuningdek, Xorazm viloyati mahallalaridagi hokim yordamchilari ham taklif etildi. Hokim yordamchilari ko'rgazmadagi mahsulotlar bilan tanishib, mahallalarda ularni ishlab chiqarilish imkoniyatlarini o'rgandilar, ko'rgazma ishtirokchilari bilan muzokaralar olib bordilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi