O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Dehli biznes-forumi: biznes doiralarining to'g'ridan-to'g'ri o'zaro hamkorligini rivojlantirishga yangi turtki
2022-07-28 | Iqtisodiyot
O'zbekiston hukumati delegatsiyasining Hindistonga tashrifi doirasida Dehli shahrida O'zbek-Hind biznes-forumi bo'lib o'tdi.
Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev, Hindiston Respublikasi Savdo va sanoat davlat vaziri Anupriya Patel, tegishli vazirlik, idora, tarmoq birlashmalari rahbarlari, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 50 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.
Forumning ochilish marosimidagi ma'ruzalarida delegatsiyalar rahbarlari O'zbekiston va Hindiston o'rtasidagi munosabatlar so'nggi besh yil ichida sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarilganini ta'kidladilar.
Xususan, bu davrda ikki mamlakat o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 50 foizdan oshdi. Ijobiy dinamika yuksalishda davom etmoqda. 2022 yilning birinchi yarmida o'zaro savdo qariyb 30 foizga ko'payib 324,5 million dollardan oshdi.
O'zbekistonda tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlash va investorlar uchun qulay muhit yaratish bo'yicha amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi qayd etildi. Xususan, 2017 yildan buyon O'zbekistonda faoliyat yuritayotgan hind kapitali ishtirokidagi korxonalar soni qariyb 5 barobar oshdi. 2021 yilning o'zida yetmishga yaqin korxona ish boshladi va ularning umumiy soni 357 taga etdi. Ayni paytda turli tarmoqlarda umumiy qiymati 3 milliard dollardan ziyod 80 dan ortiq qo'shma loyiha amalga oshirilmoqda.
Tadbir davomida O'zbekiston tomoni hamkorlikning barcha yo'nalishlari bo'yicha foydalanilmayotgan resurslarni safarbar etish bo'yicha tashabbuslar bilan chiqdi. Hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlari sifatida qishloq xo'jaligi ekinlarini yetishtirish va yuqori talabga ega oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qo'shma korxonalar tashkil etish orqali agrosanoat kooperatsiyasi, IT-sektor va infratuzilmaviy loyihalarga investitsiyalar kiritish, farmatsevtika mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqarish va ularni uchinchi mamlakatlarga eksport qilish, to'qimachilik sanoatida yaqin hamkorlik qilish, shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalariga urg'u berildi.
Biznes-forum dasturi doirasida O'zbekiston iqtisodiyotining turli sohalaridagi investitsiyaviy salohiyatining taqdimotlari ham bo'lib o'tdi. Muzokaralarning "B2B" sessiyasi ishbilarmon doiralarning o'zaro aloqalarni kengaytirish va birgalikda ishlashga bo'lgan qiziqishini ochib berdi, unda tadbirkorlar va investorlar o'zaro tanishishlari, manfaatlar kesishadigan nuqtalarini kashf etib, yaqin kelajakda mustahkam kelishuvlarga erishish uchun yangi istiqbolli g'oyalarni muhokama qilish imkoniga ega bo'ldi.
Forum yakunida xususiy tibbiyot, farmatsevtika, poyabzal va charm buyumlar ishlab chiqarish sohalarida, shuningdek, yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo'yicha qator bitimlar imzolandi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi