O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yagona maktab formasi 2025-yilga qadar bosqichma-bosqich joriy etib boriladi
2022-07-27 | Ta’lim
2022-yil sentabr oyidan yangi oʻquv yilida ota-onalar uchun yagona formani xarid qilishga majburiy talab qoʻyilmaydi va maktabga yagona formada kelmagan oʻquvchilarga nisbatan hech qanday eʼtirozlar bildirilmaydi.
AOKAda boʻlib oʻtgan brifingda Xalq taʼlimi vaziri Baxtiyor Saidov 2022-2023 oʻquv yilida yagona maktab formasi joriy etilishi yuzasidan maʼlumot berdi:
Uning taʼkidlashicha, 2022-yil sentabr oyidan yangi oʻquv yilida ota-onalar uchun yagona formani xarid qilishga majburiy talab qoʻyilmaydi va maktabga yagona formada kelmagan oʻquvchilarga nisbatan hech qanday eʼtirozlar bildirilmaydi.
Milliy qadriyatlarimizdan kelib chiqib, oʻquvchi-qizlarning maktabga ochiq rangdagi milliy roʻmolni boshning orqa tomonidan oʻragan holda kelishlari maʼn etilmaydi.
Shuningdek, oʻquvchi-qizlarning yubka va kofta yenglarining uzunligini uzaytirishga ruxsat beriladi, ammo belgilangan oʻlchamdan kalta boʻlishi mumkin emas.
Mahalliy hokimliklar tomonidan kam taʼminlangan oilalarga mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalari hamda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan maktab formasini sotib olinishiga koʻmak beriladi.
Maktab formasini aynan biror tadbirkordan/korxonadan xarid qilish boʻyicha maktab maʼmuriyati tomonidan majbur etilmaydi va bunday holatga yoʻl qoʻyilmaydi.
Maktab formasi savdosi avgust oyidan boshlab har bir tuman va shahar markazlaridagi aholiga qulay joylar hamda maktab yarmarkalarida tashkil etiladi.
Xalq taʼlimi vazirligi ota-onalar va oʻquvchilarning maktab formasi dizayni va sifati boʻyicha har qanday takliflarini koʻrib chiqishga va birgalikda yagona forma dizaynlarini takomillashtirib borishga tayyor ekanligini maʼlum qiladi.
Manba: «Yangi O"zbekiston»