O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqni rozi qilish – barcha rahbarlarning eng ustuvor vazifasi
2022-07-26 | Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev 26-iyul kuni aholi turmushini yaxshilash va tadbirkorlar faolligini oshirishga qaratilgan takliflar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
So‘nggi yillarda barcha soha va yo‘nalishlarda fundamental islohotlar amalga oshirildi. Taraqqiyot strategiyasi mamlakatimizda rivojlanishning yangi bosqichini boshlab berdi. Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish uning birinchi maqsadi etib belgilangan.
Iqtisodiyot va ijtimoiy hayotdagi barcha sohalar inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan. Xususan, joriy yilning birinchi yarmida yalpi ichki mahsulot 5,4 foiz o‘sgan. Sanoat, qurilish, savdo va xizmatlar sohalaridagi rivojlanish sur’atlari ham, pirovardida, aholi turmushida namoyon bo‘lmoqda.
Shu bilan birga, Xalq qabulxonalari, ijtimoiy tarmoqlar va so‘rovlar orqali soha va hududlardagi muammolar, odamlarning adolatli takliflari o‘rganib borilmoqda. Ular asosida xalqimizni rozi qiladigan qarorlar qabul qilinmoqda.
Jumladan, tadbirkorlik bo‘yicha litsenziya va ruxsatnomalarni rasmiylashtirish tartibi soddalashtirildi, muddatlari qisqartirildi. Yil boshidan buyon 50 mingdan ortiq yangi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etildi. Aholi sotib olgan uylarning 28 foizi ipoteka kreditlari hisobiga moliyalashtirildi. 1-sentabrdan boshlab xususiy sektorda ishlayotgan ayollarga ham davlat budjetidan 2 million so‘mlik homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lab berish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Yig‘ilishda aholi va biznesni qiynab kelayotgan muammolar, ular bo‘yicha ilgari surilayotgan taklif va tashabbuslar muhokama qilindi. Asosli takliflarni qanoatlantirish, odamlar uchun qulayliklarni oshirish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berildi.
Prezident xalqimizni rozi qilish, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun barcha sharoitlarni yaratish barcha rahbarlarning eng ustuvor vazifasi bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti