O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
SPECA ishchi guruhining navbatdagi sessiyasida Innovatsion rivojlanish vazirligi mas'ullari ishtirok etdilar
2022-07-26 | Innovatsiya
Qozog'iston Respublikasining Almata shahrida barqaror rivojlanish uchun innovatsiyalar va texnologiyalar bo'yicha BMTning Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyoti uchun maxsus dasturi (SPECA) ishchi guruhining uchinchi sessiyasida Innovatsion rivojlanish vazirligi Xalqaro reytinglar bilan ishlash bo'limi boshlig'i Bunyod Raxmatullaev va Ilg'or texnologiyalar markazi C.A.T Science Accelerator direktori Vladimir Tsoy ishtirok etdi.
Tadbir BMTning Evropa iqtisodiy komissiyasi (UNECE) hamda Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESCAP) tomonidan tashkil qilindi. Unda ellikdan ortiq Markaziy Osiyo va Ozarbayjon mamlakatlaridan vazirlik, ilmiy – tadqiqot institut, universitet va biznes inkubator vakillari hamda xorijiy ekspertlar qatnashdi.
Ushbu tadbir doirasida raqamli texnologiyalar va davlatlararo hamkorlik orqali raqamli transformatsiyaga oid muammolarni hal qilish mexanizmlari, umumiy maqsad va yondashuvlarini aniqlash masalalari muhokama etildi. Shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va amaliy ishlarning bajarilish vositalari ko'rib chiqilib, innovatsiya va texnologiyalarni qo'llashdagi ustuvor yo'nalishlarni va muammolar aniqlab olindi. SPECAning barqaror rivojlanish bo'yicha innovatsion strategiyasining bir qismi sifatida SPECA davlatlarida biznes-inkubator va akseleratorlar tarmog'ida innovatsion tadbirkorlikni rag'batlantirish va maslahatlashuvlar o'tkazilishi yuzasidan fikr almashildi.
Ishchi guruh SPECA innovatsion strategiyasining barqaror rivojlanish bo'yicha harakatlar rejasi doirasida barqaror rivojlanish uchun biznes-inkubator va akseleratorlar tarmog'ini yaratish taklifini ko'rib chiqdi. Bunday tarmoq SPECA sub-mintaqasida ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy manfaatlarni ta'minlash uchun biznes-inkubator va akseleratorlarning salohiyatini rivojlantirish alohida o'rin egallashi ta'kidlab o'tildi. Evropa transformatsion innovatsion tarmog'i misolida Markaziy Osiyo mamlakatlarida shu kabi iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror rivojlanish uchun transformatsion innovatsiyalarni qo'llab-quvvatlash tizimida biznes-inkubator va akseleratorlarni integratsiya qilish imkoniyatlarini ko'rib chiqish BMTning Evropa iqtisodiy komissiyasi ekspertlari tomonidan tavsiya etildi.
Tadbir yakunlari yuzasidan Barqaror rivojlanish maqsadlari bo'yicha SPECA ishchi guruhining uchinchi sessiyasining qarori muhokama qilindi va kelishildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi