O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Samimiy minnatdorlik
2022-07-26 | Siyosat
Tavallud topgan kunim munosabati bilan chin yurakdan o‘zlarining samimiy tabrik va qutlovlarini yo‘llab, ezgu tilaklarini bildirgan davlat va hukumat boshliqlariga, chet ellik siyosat va jamoat arboblari, xalqaro tashkilotlar rahbarlariga, ishbilarmon doiralar vakillariga, yurtimizdagi mahallalar va mehnat jamoalariga, turli kasb egalari bo‘lgan barcha vatandoshlarimizga chuqur minnatdorligimni izhor etaman.
Ko‘pmillatli xalqimiz va davlatimizga yuksak hurmat va ehtirom ifodasi bo‘lgan ushbu tabrik va tilaklar men uchun g‘oyat qadrli bo‘lib, ularni Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi keng ko‘lamli demokratik islohotlarimiz hamda mamlakatimizning dunyo miqyosida ortib borayotgan obro‘-e’tibori va nufuzining yana bir e’tirofi sifatida qabul qilaman.
Mana shu quvonchli ayyomda “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil asosida Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishda hal qiluvchi kuch bo‘lgan mehnatkash va bag‘rikeng, ko‘pmillatli xalqimizga o‘zimning yuksak farzandlik mehrim va ehtiromimni bildirishdan behad mamnunman.
Ishonchim komilki, el-yurtimizning kuch-g‘ayrati va bunyodkorlik salohiyati bilan qonun va adolat barcha sohalarda ustuvor bo‘ladigan xalqparvar davlat va jamiyat qurish bo‘yicha o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak maqsadlarga albatta yetamiz.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti