O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
ShHT hududida qishloq xo'jaligini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi
2022-07-25 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 25-iyul kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri J. Xodjaev Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) a'zo davlatlar qishloq xo'jaligi vazirlarining VII – yig'ilishida ishtirok etdi.
Yig'ilishda Hindiston, Qozog'iston, XXR, Qirg'iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston mutasaddi vazirlik va idoralari rahbarlari, shuningdek, ShHT va BMT FAO ning Markaziy Osiyo bo'yicha rahbariyati ishtirok etdi.
J. Xodjaev o'z qutlov so'zida ShHT Kotibiyatining BMT Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) bilan ushbu ikki tashkilot o'rtasida qabul qilingan 2020-2023-yillarga mo'ljallangan Qo'shma harakatlar rejasini amalga oshirish borasidagi ishlariga yuqori baho berib, "o'sish nuqtalarini" ishga solish va mintaqada qishloq xo'jaligi sohasida salohiyatni to'liq ochib berishga qaratilgan qator konstruktiv takliflarni ilgari surdi. Jumladan, ilm-fanga asoslangan texnologiyalar va innovatsiyalarni joriy etish, raqamlashtirish, to'plangan tajriba va bilimlar almashish, tomorqa xo'jaliklari va bog'dorchilikni har tomonlama qo'llab-quvvatlash zarurligi ta'kidlandi.
ShHT makonida agroekologik qishloq xo'jaligini ommalashtirish va ilgari surish, shuningdek FAO bilan hamkorlikda agrosektorni rivojlantirishga qaratilgan yirik loyihalarni hayyotga tatbiq etish bo'yicha faol choralar ko'rish taklif etildi.
Agroturizmni rivojlantirish, ushbu sohada faol tajriba almashish, shuningdek, doimiy ravishda qo'shma xalqaro festivallarni tashkil etish bo'yicha kompleks dasturni qabul qilish istiqbollari qayd etildi.
Qishloq xo'jaligiga ixtisoslashgan oliy ta'lim muassasalari o'rtasida yaqin hamkorlikni yo'lga qo'yish zarurligi kadrlar tayyorlash borasida mintaqaning barcha mamlakatlari uchun ustuvor yo'nalish ekani ta'kidlandi. Gap texnologik jihatdan hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga, kadrlar tayyorlash va zarur infratuzilmani yaratishga o'zaro investitsiyalar kiritish haqida ketmoqda. Ushbu tashabbusni amalga oshirish yo'lidagi birinchi qadam sifatida ShHTga a'zo davlatlar yaqinda Toshkentda ochilgan Xalqaro qishloq xo'jaligi universiteti bilan hamkorlikni yo'lga qo'yishga taklif etildi.
Uchrashuv yakunida agrar sohadagi o'zaro hamkorlikning keng ko'lamli masalalari yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, ShHTga a'zo davlatlarning "aqlli" qishloq xo'jaligi va agroinnovatsiyalar sohasidagi O'zaro hamkorlik qilish konsepsiyasi loyihasi ma'qullandi. Ushbu hujjat butun mintaqada oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashning katta istiqbollarini ochib beradi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi