O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ochiqlikni ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholash komissiyasining birinchi majlisi boʻlib oʻtdi
2022-07-22 | Siyosat
Joriy yilning 21-iyul kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida Ochiqlikni ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholash komissiyasining birinchi majlisi oʻtkazildi.
Mazkur komissiya joriy yil 14-iyun kuni imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini oshirish va baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq tuzilgan boʻlib, ustuvor vazifasi davlat organlari va tashkilotlarining Ochiqlik indeksini baholash natijalarini koʻrib chiqish hamda Ochiqlik indeksi boʻyicha yakuniy qaror qabul qiluvchi organ hisoblanadi.
Shuningdek, komissiya vazifalariga ochiqlikni ta’minlash sohasida amalga oshirilgan ishlar va rejalashtirilgan yangi loyihalarni koʻrib chiqish, ijrosini muhokama qilib borish hamda ularni amalga oshirish yuzasidan amaliy yordam koʻrsatish, shuningdek, tahlillar va keng jamoatchilik fikrini oʻrganish asosida ochiq e’lon qilinishi lozim boʻlgan ma’lumotlar koʻlamini kengaytirish, sifatini oshirish va dolzarbligini ta’minlash chora-tadbirlarini belgilash kiritilgan.
Komissiya tarkibiga, Farmonga muvofiq, baholash faoliyatida bevosita ishtirok etadigan vazirlik va idoralarning xodimlaridan tashqari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari ham kiritilgan.
Tadbirning ochilish marosimida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxanov komissiya oldiga qoʻyilgan vazifalar, ularni samarali amalga oshirishda e’tiborga olinishi lozim boʻlgan muhim jihatlar hamda Ochiqlik indeksi boʻyicha yakuniy qaror qabul qilishda qonuniylik, betaraflik, xolislik va ishonchlilik tamoyillariga soʻzsiz rioya etilishini ta’minlash lozimligi xususida toʻxtalib oʻtdi.
Shundan soʻng Komissiyaning birinchi majlisi kun tartibiga kiritilgan masalalar doirasida uning shakllantirilgan a’zolari tanishtirilib, Komissiya raisi va uning tezkor faoliyatini olib boruvchi kotibi nomzodlari koʻrib chiqilib, tasdiqlandi.
Bundan tashqari, majlisda Baholash komissiyasining 2022-yil uchun Ochiqlik indeksini hisoblash faoliyati boʻyicha chora-tadbirlar rejasi koʻrib chiqilib, tasdiqlandi.
Ta’kidlandiki, Chora-tadbirlar rejasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PF154-son Farmonida belgilab berilgan topshiriqlar ijrosini kompleks yondashuv asosida toʻliq, oʻz vaqtida va sifatli ta’minlashga qaratilgan boʻlib, unda har bir baholash faoliyatida ishtirok etadigan davlat organlari oldiga qoʻyilgan vazifalar, ijro etish muddat va mexanizmlari, shuningdek, muvofiqlashtirib borish usullari aniq belgilab berilgan.
Komissiya majlisi kun tarkibiga kiritilgan soʻnggi masala davlat organlari va tashkilotlari tomonidan joriy yilning oʻtgan 6 oyi davomida Ochiqlikni ta’minlash va ochiq ma’lumotlar toʻplamini e’lon qilishda yoʻl qoʻyilayotgan tizimli kamchiliklarning muhokamasiga bagʻishlandi.Ma’ruzachilar tomonidan oʻtkazilgan oʻrganish va masofaviy monitoring natijalari boʻyicha aniqlangan holatlar atroflicha muhokama qilinib, ularni bartaraf etish va oldini olish borasida taklif va mulohazalar bildirildi.
Eslatib oʻtamiz, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan yil yakunida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalarida ochiqlik boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi e’lon qilinadi.
Unga koʻra, 8 ta indikator boʻyicha eng yuqori ball toʻplagan tashkilotlar ragʻbatlantiriladi, salbiy koʻrsatkich qayd etganlarining esa javobgarlik masalasi hal etiladi.