Vazirlar Mahkamasi Rayosatining navbatdagi yig‘ilishida “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonun ijrosini ta'minlashda Madaniyat vazirligi, Farg‘ona va Namangan viloyatlari hokimliklari rahbarlarining mas'uliyati to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi.
Yig‘ilishda madaniyat vaziri O.Nazarbekov, Farg‘ona viloyati hokimi X.Bozarov, Namangan viloyati hokimi Sh.Abdurazzoqov, mas'ul vazirlik va idoralar rahbarlari Prezidentimiz tashabbusi bilan madaniyat sohasini rivojlantirish uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar, ta'lim tizimi, shuningdek, teatr va opera yo‘nalishlaridagi islohotlar samaralari to‘g‘risida so‘z yuritdilar.
Ta'kidlanganidek, yangi O‘zbekistonni barpo etishda madaniyat va san'at sohasiga ham alohida e'tibor qaratilib, uning rivojlanishi va yuqori bosqichga ko‘tarilishi hamda milliy madaniyatimizni jahonga tanitish yo‘lida bir qator tizimli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, soha xodimlari maqomini oshirish maqsadida 15-aprel Madaniyat va san'at xodimlari kuni etib belgilandi.
2021-yil 20-yanvardan kuchga kirgan “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonun madaniy faoliyat sohasidagi davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda muhim omil bo‘lmoqda.
Keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasi, davlatimiz rahbarining “Madaniyat va san'at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta'sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Moddiy-madaniy merosning ko‘chmas mulk ob'ektlari milliy ro‘yxati tasdiqlandi, madaniyatimizni jahonga keng tanitish maqsadida maqom va baxshichilik san'ati yo‘nalishida xalqaro musiqa anjumanlari, Xalqaro hunarmandlik festivali o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi.
Bugungi kunda soha rivojiga salmoqli hissa qo‘shib kelayotgan O‘zbekiston davlat filarmoniyasi, O‘zbek milliy maqom san'ati va Baxshichilik san'ati markazlari, O‘zbekiston teatr arboblari uyushmasi, “Bahor” davlat raqs ansambli, hududlarda namunaviy maqom va baxshichilik ansambllari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Madaniyat va san'at sohasida yetuk kadrlar tayyorlash maqsadida Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san'ati instituti, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi Urganch filiali, Respublika musiqa va san'at kolleji, Nukus opera va baxshichilik maktabi, Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san'ati instituti tashkil etildi.
Shu bilan birga, vazirlik tizimida ijro intizomini mustahkamlash, tanqidiy tahlil va qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqish tizimini takomillashtirish, qabul qilingan qonunlar, O‘zbekiston Prezidentining farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va topshiriqlarini ro‘yxatga olish, ularning tegishli mas'ul shaxslar va xodimlarga yetkazilishini ta'minlash, ijrosini o‘rganish, nazorat qilish bo‘yicha aniq tizim yo‘lga qo‘yilgan.
Qabul qilinayotgan hujjatlar va topshiriqlar ijrosini o‘z vaqtida nazorat qilish, erishilgan pirovard natijalar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar sabablarini aniqlash, qolaversa, “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimida o‘z vaqtida hisobot berilishiga alohida e'tibor qaratilmokda. Jumladan, joriy yilning iyun' oyida “Ijro.gov.uz” tizimi orqali vazirlikka 118 ta topshiriq kelib tushdi. Shundan 117 tasi o‘z vaqtida, bittasi muddatidan o‘tib bajarildi.
Bu jarayonda mas'uliyatni his qilmagan, berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarmagan, xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan xodimlarga ham qat'iy choralar ko‘rilmoqda.
Masalan, shu kunga qadar sohaning 4 nafar xodimiga intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan. Yig‘ilishda sohada yutuqlar bilan birga o‘z yechimini kutayotgan ayrim masalalar borligi, mas'ul vazirlik va idoralar hamkorlikda bu borada aniq chora-tadbirlarni amalga oshirishi zarurligi ta'kidlandi. Xususan, yoshlarni madaniyat va san'atga oshno etish, ularning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun qulay sharoit yaratish lozim.
Shuningdek, madaniyat markazlarida hududdagi yoshlarning qiziqishini hisobga olgan holda emas, balki musiqa o‘qituvchisi qaysi cholg‘u bo‘yicha mutaxassis bo‘lsa, shu yo‘nalishda to‘garaklar tashkil etib kelingan. Shu bois, yig‘ilishda aholi ehtiyojlari va yoshlarning qiziqishini inobatga olgan holda, to‘garaklar faoliyatini qayta ko‘rib chiqish va tashkil etish, madaniyat va san'at sohasiga xususiy investitsiyani keng jalb qilish choralarini ko‘rish zarurligi qayd etildi.
Bugungi kunda 500 dan ortiq madaniyat markazi, 50 ga yaqin istirohat bog‘i ta'mirtalab. Ushbu maskanlarni zamon talablari asosida takomillashtirish uchun davlat-xususiy sheriklik imkoniyatlaridan samarali foydalanish borasida fikrlar bildirildi. Rayosat yig‘ilishida O‘zbekiston Prezidenti va hukumatining madaniyat sohasida 2021-2022 yillarda qabul qilingan qarorlari ijrosi holatini o‘rganish davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha harakatlar rejasi tasdiqlandi.
Manba: «Yangi O"zbekiston»