O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Оliy, o‘rta maxsus va professional ta'lim tashkilotlarida xotin-qizlarning ta'lim olishlarini qo‘llab-quvvatlashga doir chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaror bo‘yicha ma'lumot
2022-07-20 | Iqtisodiyot
Respublikamizdagi xotin-qizlarning ta'lim olishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning ilmiy salohiyati va malakasini tizimli oshirib borishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida Davlatimiz rahbari tomonidan 2022-yil 18-iyulda “Oliy, o‘rta maxsus va professional ta'lim tashkilotlarida xotin-qizlarning ta'lim olishlarini qo‘llab-quvvatlashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-323-sonli qarori imzolandi.
Mazkur qarorga muvofiq respublikadagi barcha xususiy, xorijiy va davlat oliy, o‘rta maxsus va professional ta'lim tashkilotlarida kunduzgi, sirtqi va kechki ta'lim shaklida to‘lov-kontrakt asosida ta'lim olayotgan xotin-qizlarga foizsiz ta'lim kreditlarini taqdim etish tizimi joriy etilmoqda.
Bunda, tijorat banklari tomonidan talaba qizlar uchun 14 foizli stavkada imtiyozli kreditlar rasmiylashtiriladi hamda foiz to‘lovlar Moliya vazirligi huzuridagi Ta'lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tijorat banklariga qoplab beriladi. Ta'lim kreditining faqat asosiy qismi talaba tomonidan uning rasmiy o‘qish muddati tugaganidan keyin yettinchi oydan boshlab 7 yil mobaynida qaytariladi.
Masalan, oliy ta'lim muassasasining 1-bosqichida o‘qiyotgan talaba qiz imtiyozli ta'lim kreditini olsa, ushbu kreditning butun davri – 11 yil mobaynida foiz stavkalari davlat byudjetidan qoplab boriladi, kreditning asosiy qismini qaytarish talaba tomonidan u oliy ta'lim muassasini tugatgandan keyin (olti oy o‘tib) 7 yil davomida oyma-oy bo‘lingan holda qaytariladi.
Ma'lumot uchun: imtiyozli ta'lim kreditini rasmiylashtirish uchun quyidagilar talab etiladi:
- imtiyozli ta'lim krediti olish to‘g‘risidagi tijorat bankiga ariza;
- kredit oluvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjati;
- ta'lim muassasasining to‘lov-kontrakt shartnomasi;
- kredit oluvchining doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan oila a'zolari (ota-onasi, aka-ukasi, opa-singlisi, turmush o‘rtog‘i) yoki uchinchi shaxs birgalikda qarz oluvchining tijorat bankining kredit siyosati va ichki tartibiga muvofiq imtiyozli ta'lim krediti qaytarilishining ta'minoti bo‘yicha hujjat.
Bunda, «Ijtimoiy himoya yagona reestri»ga kirgan oilalarning xotin-qizlariga ajratiladigan imtiyozli ta'lim krediti bo‘yicha garov va kafillik talab etilmaydi.
Imtiyozli ta'lim krediti tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktni va tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktning minimal miqdoriga teng bo‘lgan bir martalik boshqa to‘lovlarni amalga oshirish uchun hamda qo‘shma ta'lim dasturlarining O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi o‘qish davri uchun ajratilmaydi.
Bundan tashqari, ko‘plab fuqarolar tomonidan bildirilgan takliflar inobatga olingan holda qarorga muvofiq professional ta'lim muassasalari hamda ta'lim muassasalarining sirtqi va kechki ta'lim shaklida o‘qiyotgan talabalar uchun ham imtiyozli ta'lim krediti ajratilishi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Mоliya vаzirligi