O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Eron vitse-prezidenti Suren Sattoriy Innovatsion rivojlanish vaziri bilan uchrashdi
2022-07-20 | Innovatsiya
Eron Islom Respublikasining Ilm-fan va texnologiyalar bo'yicha vitse-prezidenti Suren Sattoriy boshchiligidagi delegatsiyasining O'zbekistonga tashrifi boshlandi. S. Sattoriyni aeroportda Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov kutib oldi.
Suren Sattoriyning O'zbekistonga tashrifi ilm-fan, innovatsiyalar va texnologiyalar sohasida hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga qaratilgan bo'lib, u Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi INNO texnoparki faoliyati bilan tanishdi. Suren Sattoriy va delegatsiya a'zolari zamonaviy maxsus texnik vositalar bilan ta'minlangan biotexnologik laboratoriya, ishlab chiqarish o'quv tsexi, tuproq unumdorligini tahlil qilish laboratoriyasi, tovush laboratoriyasi, robototexnika, standartlashtirish xonalari bilan tanishdi.
Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov bilan bo'lib o'tgan uchrashuvda Suren Sattoriy eron va O'zbekiston o'rtasida biotexnologiyalar sohasida hamkorlikni yanada kengaytirish masalasiga alohida urg'u berdi.
– Ikki mamlakatning biotexnologiyalar sohasida erishgan yutuqlari, mushtarak qarashlari va o'zaro manfaatli hamkorlikka bo'lgan intilishi alohida e'tiborga molik, – dedi eron vitse-prezidenti. – Biz biotexnologiya sohasidagi startap va ilmiy loyihalarni moliyalashtirish orqali olimlarimizning birgalikda ilmiy ishlar bilan shug'ullanishlari, shuningdek, ilmiy ishlar natijalarini tijoratlashtirishlari uchun sharoit yaratib berish orqali startap loyihalar doirasida innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish ko'lamini oshirishga tayyormiz. Bu sohaga investitsiya kiritilishi har ikki davlat manfaatlariga mos tarzda innovatsion tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonaman.
O'z navbatida Ibrohim Abdurahmonov mart oyida eronga amalga oshirgan safari natijasida eronning ilmiy va innovatsion sohalarda faoliyat yuritayotgan 20 dan ortiq kompaniyalari, ilmiy tadqiqot muassasalari, innovatsion infratuzilma ob'ektlari bilan hamkorlik o'rnatilganini va S. Sattoriyning O'zbekistonga tashrifi mana shu hamkorlikni yanada kengaytirish imkoniyatini berishini ta'kidladi.
Ta'kidlash joizki, O'zbekiston Respublikasi delegatsiyasining joriy yilning 14–17 mart kunlari eron Islom Respublikasiga tashrifi doirasida Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda eron Fan va texnologiyalar bo'yicha vitse-prezidenti apparati o'rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan. Mazkur tashrif doirasida 25 ta, jumladan eron davlat idoralari bilan 7 ta, ilmiy tashkilotlar bilan 3 ta hamda xususiy kompaniyalar bilan 15 ta uchrashuvlar o'tkazilib, ilg'or tajribalarini o'rganish va yangi texnologiyalarni transfer qilish bo'yicha kelishuvlarga erishilgan.
Eron Islom Respublikasi Prezidentining ilm-fan va texnologiyalar bo'yicha Vitse-prezidenti S. Sattoriyning O'zbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida joriy yilning 20-iyul kuni eronning Fan, tadqiqotlar va texnologiyalar vazirligi hamda O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda «O'zbekiston-Eron fan va innovatsiya forumi» o'tkaziladi. Mazkur forum doirasida Innovatsion rivojlanish vazirligi binosining ko'rgazmalar zalida «O'zbekiston va eron innovatsion kompaniyalari va startaplari mahsulotlari ko'rgazmasi» tashkil etiladi. Unda ikki mamlakat korxona va tashkilotlarining innovatsion ishlanma va mahsulotlari namoyish etiladi.
Mazkur ko'rgazmada Eron tomonidan tibbiyot, chorvachilik, oziq-ovqat va boshqa turli xil sohalarda faoliyat yurituvchi 35 ta etakchi innovatsion kompaniyalar o'zlarining innovatsion mahsulot va loyihalari bilan qatnashadi. O'zbekiston va eron mamlakatlarining ishbilarmonlari o'rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash hamda qishloq xo'jaligi, chorvachilik, tibbiyot, axborot texnologiyalari va oziq ovqat sanoati kabi yo'nalishlarda o'zaro manfaatli aloqalarni yo'lga qo'yish maqsadida Ko'rgazma doirasida ikki mamlakat ishbilarmon vakillari o'rtasida “B2B” uchrashuvlar tashkil etiladi.
Eron Fan, texnologiya va innovatsiyalar bo'yicha vitse-prezidenti S. Sattoriyning respublikamizga rasmiy tashrifi o'zaro hamkorlik aloqalarimizning amaliy mexanizmlarini kuchaytirishga hamda kelgusida innovatsion faoliyatning istiqbolli yo'nalishlarida yangi kelishuvlarga erishishga imkon beradi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi