Joriy yilning 18-19 iyul kunlari Gruziya hukumati delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.
Toshkent shahrida 19-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Gruziya Bosh vaziri Irakliy Garibashvili boshchiligidagi hukumat delegatsiyalarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Gruziya O‘zbekistonning Janubiy Kavkazdagi muhim savdo-iqtisodiy hamkorlaridan biri hisoblanadi.
Uchrashuvda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini sezilarli darajada oshirish uchun yetarli salohiyat borligi, mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikni kengaytirish kerakligi qayd etildi.
Ta'kidlanganidek, tomonlar sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun yaxshi imkoniyatlarga ega.
Transport-logistika sohasida hamkorlik faol rivojlanmoqda. Mamlakatlarimizning yuqori tranzit salohiyati mavjud.
Uchrashuvda O‘zbekiston tomoni “Baku-Tbilisi-Kars” temir yo‘li hamda “Poti” va “Batumi” portlari orqali mul'timodal transport tashishlardan foydalanishni kengaytirishdan manfaatdorligini bildirdi.
O‘tgan yili mamlakatlarimiz poytaxtlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam aviaqatnovlar tiklandi.
Bu o‘zaro turistlar oqimini oshirishga xizmat qilmoqda. Gruziya O‘zbekiston fuqarolari uchun mashhur sayyohlik yo‘nalishlaridan biriga aylanib bormoqda. O‘z navbatida, O‘zbekistonning boy madaniy va tarixiy merosi Gruziya fuqarolarini o‘ziga jalb qiladi.
Gruziya delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi doirasida poytaxtimizdagi vaziyatlarni baholash markazi, “Humo Arena” majmuasi faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziring Matbuot xizmati