O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Samimiy muloqotga boy o‘tgan davra suhbati
2022-07-19 | Xavfsizlik sohasi
Nukus garnizonidagi eng olis harbiy qismlardan birida xizmat burchini o‘tayotgan harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy-huquqiy himoyalash, har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, turmush tarzini yaxshilash, xizmat sifatini yanada oshirish maqsadida samimiy muloqotga boy davra suhbati tashkil etildi.
Unda Mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev, vazirlik va Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘mondonligi mas’ul ofitserlari, Qurolli Kuchlar faxriylari, Nukus tumani mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi hamda “Taqirko‘l” ovul fuqarolar yig‘ini faollari ishtirok etdi. Samimiy kechgan davra suhbati davomida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari, ishchi xizmatchilarning muammo va takliflari tinglandi.
Shuni alohida ta’kidlab o‘tishimiz kerakki, so‘nggi yillarda Nukus garnizonidagi olis hududda joylashgan ushbu harbiy qism va unga yondosh harbiy shaharchada harbiy oilalarning yashash sharoitlarini yaxshilash va ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlarini ta’minlash borasida yetarlicha shart-sharoitlar yaratib berildi.
Xususan, harbiy qismning Ma’naviyat va ma’rifat markazida harbiylarning farzandlari uchun voleybol, basketbol, shaxmat-shashka, ingliz va rus tillari hamda ijtimoiy va aniq fanlarga yo‘naltirilgan to‘garaklar faoliyat ko‘rsatmoqda. Harbiy shaharchadagi 12-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida esa harbiylar va ovuldagi fuqarolarning farzandlari tarbiyalanmoqda. Shuningdek, suhbat davomida harbiylarning turmush o‘rtoqlarini ish bilan ta’minlashda ham sezilarli natijalarga erishilgani alohida e’tirof etildi.
Ochiq va samimiy ruhda kechgan uchrashuv harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari tomonidan qilingan murojaatlarning joyida ijobiy hal etilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi