Vazirlar Mahkamasi Rayosatining navbatdagi majlisida “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta'minlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ijrosi bo‘yicha Xalq ta'limi vazirligi, Transport vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi va Jizzax viloyati hokimligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi.
Ushbu Qonun bilan qonunchilik hujjatlarini tarqatishning yaxlit tizimini shakllantirish, normativ-huquqiy hujjatlarni, ularga oid rasmiy sharhlarni ijrochilarga yetkazish, tushuntirish (targ‘ibot) ishlarini olib borish hamda nazorat qilish tartibi belgilangan.
Rayosat majlisida mazkur Qonun ijrosini ta'minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-dekabrdagi 1013-son qarori bilan huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta'minlash sohasida normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan organ – Adliya vazirligi – vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari” “texnologik zanjiri” asosida qabul qilingan qonunchilik hujjatlarini ijrochilarga yetkazib berishning yaxlit mexanizmi yaratilganligi qayd etildi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-fevraldagi PF–6166-son Farmonlarida ham qonunchilik hujjatlarini ijrochilarga yetkazish, ularning mazmun-mohiyatini tushuntirish, ushbu yo‘nalishda xodimlarning professional bilimini oshirish ishlarini tashkil etish masalalariga alohida urg‘u berilgan.
Majlis davomida 2021-yil va 2022-yilning o‘tgan davri mobaynida vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining huquqiy targ‘ibot yo‘nalishidagi faoliyatini elektron portal orqali monitoring qilish va baholash hamda xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida ularni o‘qitish va baholash yuzasidan bir qator muhim Hukumat qarorlari qabul qilinganligi ta'kidlandi.
Bundan tashqari, majlisda Adliya vazirligi tomonidan 90 dan ortiq davlat organlari va tashkilotlarining 2021-yil davomida amalga oshirgan huquqiy targ‘ibot yo‘nalishidagi faoliyatining monitoringi yuritilganligi hamda baholab borilganligi qayd etildi.
Xususan, ushbu yo‘nalishdagi baholash yakunlariga ko‘ra, tashkilotlarning 45 % “ijobiy”, 31% “qoniqarli” va 24% “salbiy” deb topildi.
2021-yil davomida 13 620 nafar (26 ta vazirlik va idoralarning 8 058 hamda 14 ta mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining 5 562 nafar xodimlari) xodimlarning huquqiy savodxonligini baholashdan o‘tkazish yakunlari quyidagicha: xodimlarning 13 190 nafari yoki 96,9 % – ijobiy va 430 nafari yoki 3,1 % – salbiy natija qayd etgan.
Rayosat majlisi yakunlari bo‘yicha aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli choralar belgilandi. Bunda, asosiy e'tibor quyidagilarga qaratildi:
birinchi – vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida har bitta qabul qilingan qonunchilik hujjatlarini markaziy apparat – hududiy boshqarmalar (viloyat darajasida) – hududiy bo‘limlar (tuman (shahar) darajasida) – tizim (soha, tarmoq) tashkilotlari “texnologik zanjiri” asosida ijrochilarga o‘z vaqtida yetkazilishini, huquqiy targ‘ibot va tushuntirish ishlari olib borilishini hamda ushbu hujjatlarni tegishli soha va tarmoqda to‘g‘ri hamda bir xilda qo‘llanilishini ta'minlashga qaratilgan yagona tizimni yo‘lga qo‘yish;
ikkinchi – Qonun va uning ijrosi yuzasidan qabul qilingan qonunchilik hujjatlari talablaridan kelib chiqib, vazirlik va idora, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan o‘z ichki idoraviy hujjatlarini (buyruq, qaror va b.) qayta ko‘rib chiqish, ushbu sohada idoraviy yagona siyosatni o‘zida aks ettiruvchi normativ-huquqiy bazani shakllantirish va doimiy ravishda takomillashtirib borish;
uchinchi – Adliya vazirligi tomonidan “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanish sohasining vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklarda ijro intizomini ta'minlashdagi o‘rni va ahamiyati” mavzusida seminar-treninglar tashkil etish;
to‘rtinchi – vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta'minlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlarni tanqidiy muhokama qilib borishning quyidagi amaliyotini yo‘lga qo‘yish:
chorak yakuni bo‘yicha ushbu tashkilotlarning birinchi rahbar o‘rinbosarlari va tegishli tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari ishtirokida Vazirlar Mahkamasi apparatining mas'ul tarkibiy bo‘linmasida;
yarim yillik yakuni bo‘yicha ushbu tashkilotlarning birinchi rahbarlari va Vazirlar Mahkamasi apparatining mas'ul tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosarlari va Bosh vazir maslahatchilari huzurida.
Majlis yakunlari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi Rayosatining tegishli qarori qabul qilinib, aniqlangan tizimli kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziring Matbuot xizmati