O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Turkmaniston: huquqiy hamkorlik yangi bosqichda
2022-07-16 | Jamiyat
O‘zbekiston va Turkmaniston savdo-iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa sohalarni rivojlantirish bo‘yicha yaqin hamkor hisoblanadi.
Ikki davlat vakolatli davlat organlari adliya va huquq sohasining turli yo‘nalishlari bo‘yicha ham uzviy va samarali hamkorlik qilib kelmoqda.
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning mamlakatimizga davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Turkmaniston Adalat vazirligi o‘rtasida huquqiy sohadagi munosabatlarni yanada jadallashtirishga qaratilgan 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik dasturi imzolandi.
Hamkorlik dasturiga muvofiq yaqin istiqbolda Turkmaniston bilan normativ-huquqiy hujjatlarni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish hamda ularning ijrosi bo‘yicha monitoringni olib borish, davlat organlarida qonun ijodkorligini raqamlashtirish, FHDYO organlari faoliyatini takomillashtirish, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish hamda aholining huquqiy xabardorligini oshirish, yuridik kadrlar malakasini oshirish maqsadida Turkmaniston Adalat vazirligi bilan o‘zaro stajirovkalarni tashkil etish, huquq va adliya sohalarida o‘zaro hamkorlikda boshqa tadbirlarni o‘tkazish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Turkmaniston Adalat vazirligi o‘rtasida imzolangan ushbu hujjat huquqiy sohadagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning natijadorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
N.Abduraimova
Manba: O'zA