Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Koreya Respublikasi tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Yo Sin Pe bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari hamda O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Koreya delegatsiyasi Koreya Respublikasining yangi rahbariyati strategik sherikligimiz rivojlanishiga alohida jadallik bag‘ishlaydigan, barcha yo‘nalishlarda uzoq muddatli, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga imkon yaratayotgan oliy darajadagi qardoshlik va ishonchli munosabatlarni saqlashga qat'iy e'tibor qaratayotganini ta'kidladi.
Tomonlar ikki mamlakat Bosh vazirlari o‘rinbosarlari o‘rtasida muntazam muzokaralar o‘tkazish, vazirlik va idoralar vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasining yirik qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish va Pusan shahrida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” 15-Forumi o‘tkazish uchun tashrifini tashkil etishga kelishdilar.
Muzokaralar yakunida Koreya hukumati tomonidan ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish uchun texnik yordam hajmini oshirish bo‘yicha qo‘shma ishlarni faollashtirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi