O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston-Turkmaniston: Turizm sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim imzolandi
2022-07-15 | Turizm
Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedovning 14-iyul kuni Oʻzbekistonga davlat tashrifi davomida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkmaniston Hukumati oʻrtasida turizm sohasida hamkorlik toʻgʻrisida bitim imzolandi.
Mazkur bitim kuchga kirgan kundan boshlab bundan avvalgilari, ya’ni 1996-yil 16-yanvardagi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkmaniston Hukumati oʻrtasida turizm sohasida hamkorlik toʻgʻrisida bitim va 2009-yil 25-fevraldagi Oʻzbekiston Respublikasi «Oʻzbekturizm» milliy kompaniyasi va Turkmaniston turizm va sport boʻyicha davlat qoʻmitasi oʻrtasida turizm sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim oʻz kuchini yoʻqotadi.
Hujjatda tomonlar “Buyuk Ipak yoʻli”, “Bir sayohat - butun mintaqa” va boshqa qoʻshma turistik marshrutlar hamda brendlarni ilgari surishga qaratilgan xalqaro konferensiyalar, forumlar, seminarlar va koʻrgazmalar tashkil etish hamda ommaviy axborot vositalarida nashrlar chop etish belgilangan. Bitim ommaviy axborot vositalarida reklama kompaniyalarini oʻtkazish, tanishtiruv sayohatlari va kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash hamda turizm sohasi vakillari uchun malaka oshirishlarni tashkil etish, ma’lumotlar almashinish, mavjud kombi (qoʻshma) turistik yoʻnalishlarni yanada rivojlantirish va yangilarini ishlab chiqish, shuningdek, transchegaraviy turistik almashinuvni rivojlantirish boʻyicha kelishilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan.
Mazkur bitimning imzolanishi va amalga oshirilishi Turkmanistondan Oʻzbekistonga turistik oqimni yanada koʻpaytirishga, Oʻzbekiston turistik brendining Turkmaniston bozorida tanilishiga va ikki mamlakat turizmi industriyasi subyektlari oʻrtasida aloqalarni faollashtirishga yordam beradi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi