O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston-Turkmaniston: yaqin qo‘shnilar va ishonchli hamkorlar
2022-07-14 | Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning 14-15 iyul kunlari O‘zbekistonga davlat tashrifi bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston-Turkmaniston sammiti yaxshi qo‘shnichilik siyosati davomiyligini ifoda etishi va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash timsoliga aylanishi, ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochishi, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror rivojlanishga erishish jarayoniga muhim hissa bo‘lib qo‘shilishi kutilmoqda.
O‘zbekiston va Turkmaniston mintaqadagi yaqin qo‘shnilar va vaqt sinovidan o‘tgan hamkorlar sifatida mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq o‘zaro hamkorlikni faollashtirish, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va teng huquqlilik tamoyillariga asoslangan samarali siyosiy muloqotni yo‘lga qo‘yish yo‘lini tanlagan.
Turkmaniston O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda o‘zaro manfaatli hamkorlik hududini yaratish, mintaqaning xalqaro maydondagi roli va ahamiyatini oshirishga qaratilgan zamonaviy ochiq, konstruktiv tashqi siyosatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlamoqda. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha tomonlarning qarashlari va pozitsiyalari mos keladi yoki o‘xshashdir.
Ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli so‘nggi yillarda davlatlararo munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Shu yil mart oyida saylangan Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov qardosh mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasida o‘rnatilgan siyosiy muloqot va strategik sheriklikka asoslangan samimiy do‘stlik rishtalarini qo‘llab-quvvatlamoqda va davom ettirmoqda.
Joriy yil yanvar oyida Serdar Berdimuhamedov Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari sifatida amaliy tashrif bilan Toshkentda bo‘lgan chog‘ida Shavkat Mirziyoyevga Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning barcha yo‘nalishlarda jadal rivojlanayotgan Turkmaniston-O‘zbekiston aloqalariga yuksak baho berilgan maktubini topshirgandi.
2017-yil ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishda tarixiy yil bo‘ldi. O‘zbekiston Prezidenti Turkmaniston uch marta safar qildi, jumladan, 6-7 mart kunlari davlat tashrifi bilan bo‘ldi. Bu mamlakatimiz rahbarining oliy davlat lavozimiga saylanganidan keyingi birinchi rasmiy xorijiy safari edi. Ushbu chuqur ramziy qadam ikki tomonlama aloqalarni yangi bosqichga olib chiqdi, ularga izchillik va keng qamrovli tus berdi.
Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning 2021 yil 4-5 oktabr kunlari Toshkentga mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovi arafasida amalga oshirgan rasmiy tashrifi ham muhim voqea bo‘ldi. Toshkentdagi muzokaralar davlat rahbarlari, mamlakatlarimiz va xalqlarimizning o‘zaro qo‘llab-quvvatlashi, birdamligi va hamjihatligining yana bir tasdig‘i bo‘ldiki, bu bugungi kunda dunyoda ro‘y berayotgan voqealar sharoitida alohida ahamiyat kasb etmoqda.
So‘nggi olti yil davomida ikki davlat rahbarlarining 20 dan ortiq onlayn va yuzma-yuz uchrashuvlari bo‘lib o‘tganini ham alohida ta’kidlash joiz. O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilarining rasmiy va davlat tashriflaridan tashqari xalqaro va mintaqaviy maydonlarda ham uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari alohida ahamiyatga ega.
Yuqori darajadagi o‘zaro hamkorlik ham faollashdi – parlamentlararo va vazirliklararo munosabatlar izchil rivojlanmoqda. Bu aloqalar ham ikki tomonlama, ham ko‘p tomonlama shakllarda jadallashmoqda.
Bugungi kunda 270 ta ikki tomonlama, jumladan, 116 ta davlatlararo va hukumatlararo, 97 ta idoralararo va 57 ta boshqa hujjatlardan iborat bo‘lgan huquqiy baza mustahkamlanmoqda.
Turkmaniston O‘zbekistonning muhim savdo sheriklaridan biridir. 2021-yil yakunlari bo‘yicha o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 902 million dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan davrga nisbatan 64 foizga ko‘p demakdir. Joriy yilning yanvar-may oylarida ushbu ko‘rsatkich 322,6 million dollarga yetdi.
1996-yildan buyon Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha qo‘shma komissiya faoliyat ko‘rsatib, uning doirasida 16 ta yig‘ilish o‘tkazildi. 2020-yil 7-oktabr kuni O‘zbekiston-Turkmaniston ishbilarmonlar kengashining birinchi majlisi onlayn shaklda uyushtirildi.
Turli darajadagi samarali uchrashuvlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishlab, uni amaliy mazmun bilan to‘ldirmoqda. 2018-yil mart oyida Ashxobodda O‘zbekiston Milliy sanoat ko‘rgazmasi muvaffaqiyatli tashkil etildi. O‘sha yilning aprel oyida Toshkentda Turkmaniston milliy ko‘rgazmasi va ikki davlat ishbilarmon doiralarining biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirlar hamkorlik aloqalarini rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdorlik, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish uchun katta salohiyat mavjudligini ko‘rsatdi.
Ikki davlat hududlarining aloqalari o‘zaro hamkorlikning muhim yo‘nalishi hisoblanadi. Tomonlar Buxoro va Lebap viloyatlari hokimliklari, shuningdek, Xorazm va Toshhovuz viloyatlari hokimliklari o‘rtasida delegatsiyalar almashinuvini olqishlaydi.
O‘zbekiston-Turkmaniston sammiti arafasida Buxoro shahrida birinchi Hududlararo forum samarali o‘tdi, uning doirasida B2G va B2B shakllaridagi manzilli uchrashuvlar tashkil etildi, ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi uyushtirildi. Anjuman yakunida umumiy qiymati 451 million dollar bo‘lgan investitsiyaviy va savdo bitimlari tasdiqlandi.
Shu yerning o‘zida Ishbilarmonlar kengashining ikkinchi yig‘ilishi va qo‘shni mamlakatlar yetakchi korxonalari mahsulotlarining ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirlar tomonlar o‘zaro savdo-iqtisodiy va kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ko‘rsatdi.
Ikki davlat mintaqadagi yirik energetika loyihalarini amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda. Transport sohasi ham hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Mamlakatlarimizning o‘zaro integratsiyalashgan avtomobil va temir yo‘llari uchinchi tomonlar uchun ham tranzit vazifasini bajaradi. O‘zbekiston Prezidentining 2017-yil mart oyida Turkmanistonga davlat tashrifi chog‘ida tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan Amudaryo ustida qurilgan “Turkmanobod – Farob” avtomobil va temir yo‘l ko‘priklari buning dalilidir.
Hamkorlikda mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash masalalari alohida o‘rin tutadi. O‘zbekiston va Turkmaniston Markaziy Osiyoda tinchlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashning samarali mexanizmlarini yaratish tarafdori.
Bu, ayniqsa, Afg‘oniston muammosiga munosabatda yaqqol ko‘zga tashlanadi. O‘zbekiston va Turkmaniston Afg‘onistonning yaqin qo‘shnilari sifatida ushbu mamlakatda temir yo‘l va ko‘priklar qurish, muhim infratuzilma ob’ektlarini tiklash, elektr energiyasi va boshqa mahsulotlarni yetkazib berish bo‘yicha qator loyihalarni amalga oshirmoqda va shu orqali Afg‘oniston zaminida tinchlik va osoyishtalik o‘rnatishga salmoqli hissa qo‘shmoqda.
O‘zbek va turkmanlarni bog‘lab turgan umumiy tarix, madaniyat va urf-odatlarning o‘xshashligi xalqlarimizning umumiy merosidir. Bu yaqinlik madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
2017-yil may oyida o‘zbek va turkman xalqlarining azaliy do‘stligi va qardoshligi belgisi sifatida Toshkent shahridagi ko‘chalardan biriga buyuk turkman shoiri Mahtumquli Fragi nomi berildi va uning sharafiga monument ochildi. Turkmaniston Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi munosabati bilan Maxtumquli ko‘chasida “Ashxobod” bog‘i tashkil etildi. O‘z navbatida, Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida Alisher Navoiy sharafiga yodgorlik o‘rnatilib, xalqlarimiz yaqinligi va hamjihatligi timsoliga aylangan “Toshkent” bog‘i barpo etilmoqda.
O‘zbekiston va Turkmaniston vakillari ikki davlat hududlarida o‘tkazilayotgan turli madaniy tadbirlar, konsertlar, festival va tanlovlar, sport musobaqalarida faol ishtirok etmoqda.
2017-yil sentabr oyida O‘zbekiston sport delegatsiyasi Ashxobod shahrida uyushtirilgan Yopiq inshootlarda va jang san’atlari bo‘yicha V Osiyo o‘yinlarida ishtirok etdi. O‘sha yil noyabr oyida Turkmanistonda O‘zbekiston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir doirasida san’at asarlari ko‘rgazmasi, O‘zbekiston san’at ustalari va madaniyat arboblarining konserti namoyish etildi.
O‘zbekistondagi turkman diasporasi 200 mingga yaqin kishini tashkil qiladi. Ularning tili, madaniyati, urf-odatlarini asrab-avaylash va rivojlantirish uchun barcha sharoit yaratilgan. Xususan, O‘zbekistonda ta’lim turkman tilida olib boriladigan 44 ta maktab faoliyat ko‘rsatmoqda. Qoraqalpoq davlat universitetida turkman filologiyasi mutaxassislari, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida turkman tili o‘qituvchilari tayyorlanmoqda.
O‘zbekiston televideniyesining markaziy “Yoshlar” telekanali va Qoraqalpog‘istondagi “Diyar” radiokanalida turkman tilida ko‘rsatuv va eshittirishlar efirga uzatilmoqda. Qoraqalpog‘istondagi Turkman madaniyat markazi turkman tilida “Mekan” gazetasini chop etadi.
Madaniy almashinuvlar va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlari o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu bois, mamlakatlarimiz o‘z hududida istiqomat qilayotgan qardosh millat vakillarining ona tili, madaniyati, an’ana va urf-odatlarini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishda davom etadi, mumtoz adabiyot namoyondalari va zamonaviy mualliflar asarlarini o‘zaro tarjima qilishni qo‘llab-quvvatlaydi, bir davlatning qo‘shni mamlakat hududida bo‘lib turgan fuqarolarining qonuniy huquq va erkinliklarini ta’minlash choralarini ko‘radi.
To‘liq ishonch bilan aytish mumkinki, Turkmaniston rahbarining 14-iyul kuni O‘zbekistonga boshlanayotgan davlat tashrifi va uning samarali natijalari o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga kuchli sur’at bag‘ishlaydi, oliy darajadagi O‘zbekiston-Turkmaniston uchrashuvi chog‘ida imzolangan hujjatlar esa mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali, an’anaviy do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi