O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash” mavzusida davra suhbati
2022-07-13 | Jamiyat
Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isakov raisligida “Korrupsiyaga qarshi - murosasiz kurash” mavzusiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining departament direktorlari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi mas’ul xodimi, O‘zbekiston Respublikasi Musulmonlari idorasi mas’ul vakili ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri o‘rinbosari - Odilbek Isakov so‘zga chiqib Moliya vazirligi hamda vazirlik tizimlaridagi tashkilotlarning korrupsiya holatini tanqidiy muhokama qilib, tizimdagi mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash lozimligini bildirib o‘tdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi jinoyatga imkon bergan sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risidagi keltirilgan holatlar yuzasidan muhokama qilindi. Shu bilan birga, Moliya vazirligi tizimida korrupsiya holatlari aksariyat hollarda turli korrupsiyaviy sxemalardan foydalangan holda budjet mablag‘larini talon-taroj qilish bilan bog‘liqligi to‘g‘risida to‘xtalib o‘tildi.
Moliya vazirligi tizim xodimlarining Odob axloq qoidalariga to‘xtalindi hamda korrupsiyaning diniy jihatdan ham taqiqlangan omil ekanligiga e’tibor qaratildi. Odob-axloq qoidalari huquqbuzarliklarni oldini olish, huquqbuzarlikni keltirib chiqaruvchi sabablar va shart-sharoitlarini bartaraf etish, Moliya vazirligi tizimi xodimlarini yuksak huquqiy ong ruhida tarbiyalash, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Qonunlari va boshqa normativ-huquqiy xujjatlar talablari asosida o‘z ish faoliyatlarini tashkillashtirish, fuqarolarning va erkinliklariga xurmat bilan qarashga yo‘naltirilgan.
Yig‘ilish yakunida, Moliya vaziri o‘rinbosari tomonidan Moliya vazirligi Korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens-nazorat bo‘limiga Vazirlik va uning tizimidagi tashkilotlarda korrupsiyaga qarshi kurashish va korrupsiyaviy holatlarni aniqlash hamda ularni barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yanada kuchaytirish hamda bu borada vazirlik hamda uning tizimidagi tashkilot rahbarlarining shaxsiy ma’sulyatini oshirishga qaratilgan bir qator topshiriqlar berildi.
Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Mоliya vаzirligi