O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Turkmaniston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari B. Atdayev boshchiligidagi delegatsiya Buxoroda
2022-07-13 | Siyosat
O‘zbekiston va Turkmaniston Respublikalari o‘rtasidagi aloqa ko‘p asrlik do‘stlik, yaqin qo‘shnichilik va qardosh xalqlarning o‘zaro hurmat tamoyiliga asoslangan holda faol rivojlanayotgani ikki birodar xalq farovon turmushi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil mart oyida Turkmanistonga ilk xorijiy tashrifi, undan oliy martabali mehmonlarning o‘zaro diplomatik munosabatlari ikki tomonlamataraqqiyotga yangi ijobiy sur’at bag‘ishlagani, aloqalar rivojlanib borishi uchun mustahkam asos yaratgani quvonarli, albatta. Ta’kidlash joizki, davlat rahbarlarining qat’iy siyosiy irodasi va o‘zaro munosabatga yangicha yondashuv tufayli siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar aloqalarni faol kengaytirish va mustahkamlash butun Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror tinchlikka erishish, jadal taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston va Turkmanistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida xalqaro hamjamiyat tomonidan qabul qilingan keng ko‘lamli va uzoq muddatli strategiya, konseptsiya va dasturlarni amalga oshirishga yondashuvi yaqinligi alohida e’tiborga molik. Qolaversa, tomonlarning qo‘shni Afg‘onistonda tez orada fuqarolar tinchligi va totuvligiga erishish uchun har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligi, ayniqsa, muhim ahamiyat kasb etadi. Aytish joizki, rasmiy Toshkent va Ashxobod nafaqat ikki tomonlama aloqalar mustahkamlanishidan, balki Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish ta’minlanishidan umumiy manfaatdor. O‘tgan yil yakunlari bo‘yicha o‘zaro tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmlari sezilarli darajada oshdi. Chegaradosh hududlar va yetakchi korxonalar darajasida yaqin aloqalar yo‘lga qo‘yildi. Sanoat, transport, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida aniq kooperatsiya loyihalari ilgari surilmoqda.
O‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoat, energetika, suv va qishloq xo‘jaligi sohalarida yangi kooperatsiya loyihalarini ro‘yobga chiqarish hamda ikki mamlakat tranzit salohiyatidan samarali foydalanish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash masalalari va bu boradagi amaliy chora-tadbirlar samaradorligi nihoyatda muhim. Zero, hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni rivojlantirish ikki tomon uchun ham dolzarb ahamiyatga ega. Bunda asosiy e’tibor davlatlararo savdo, transport va tranzit, energetika sohalaridagi iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, sanoat, qishloq va suv xo‘jaligida kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish, madaniy-gumanitar almashinuv bo‘yicha qo‘shma dasturlarni amalga oshirishga qaratilgani bilan e’tiborli.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik ijobiy sur’at bilan rivojlanib borayotganining amaliy ifodasi sifatida kuni kecha Turkmaniston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari B. Atdayev boshchiligidagi delegatsiyaning rasmiy tashrif bilan Buxoroga kelganida ham ko‘rish mumkin.
Qo‘shni davlat delegatsiyasini O‘zbekiston–Turkmaniston chegara maskani, Olot tumanidagi "Olot" chegara bojxona postida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari O. Rustamov, O‘zbekistonning Turkmanistondagi favqulodda va muxtor elchisi A.Kuchkarov, Buxoro viloyati hokimi B.Zaripov hamda boshqalar tantanali kutib oldilar. Shu kunning o‘zida xorij delegatsiyasi Buxoro shahridagi sut va sut mahsulotlarini qayta ishlashga mo‘ljallangan mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “BUKHARA AGROKLASTER DZZ”, ko‘p tarmoqli davolash hamda diagnostika markaziga asos solingan zamonaviy tibbiyot muassasasi “Carmen plyus” MCHJ, to‘qimachilik mahsulotlarini qayta ishlash, jinsi mato va undan kiyim-kechak tikib tayyorlashga ixtisoslashgan “BUKHARA COTTON TEXTILE” MCHJ kabi yirik korxonalarda bo‘lib, ular faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Jumladan, viloyat markazidagi Shayx ul olam ko‘chasidagi 3 gektar yerda qad rostlagan sut va sut mahsulotlarini qayta ishlashga mo‘ljallangan “BUKHARA AGROKLASTER DZZ” MCHJ korxonasi shu yil mart oyida ishga tushirilgan bo‘lib, birinchi bosqichda 25 nafar ishchi–mutaxassisni o‘z bag‘riga olgan.
Yillik quvvati 30 ming tonna sutni qayta ishlashga mo‘ljallangan sub’ekt umumiy qiymati 4,4 million AQSH dollari bo‘lib, shundan, tashabbuskor tadbirkor Temur Sharipovning o‘z mablag‘i 2,2 million AQSH dollarini, ATB “Agrobank” viloyat filiali kredit ulushi esa 2,2 million AQSH dollarini tashkil etadi. Korxona sexlarida yuqori sifatli ishlab chiqarish dastgohlari Italiya hamda Rossiya davlatlaridan olib kelib o‘rnatilgan. Yoki ko‘p tarmoqli davolash va diagnostika markazi–“Carmen plyus” MCHJ ni olsak, Buxoro shahri Namozgoh ko‘chasida, 1 gektar yer maydonida qad rostlagan mazkur zamonaviy tibbiyot muassasasi 2020-yil dekabr oyida ishga tushirilgan bo‘lib, loyiha qiymati 8,8 million AQSH djollarini tashkil etadi. Shundan 3 million AQSH dollari bevosita ATB “Milliy banki” viloyat filiali ukredit liniyasidir. E’tiborlisi, ayni kunda 65 nafar malakali mutaxassis, tibbiyot xodimiga ega bu tibbiyot maskanida 20 ming bemorga tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratilgan.
Turkmaniston Respublikasi delegatsiyasi mazkur korxonalar ish uslubi, xorijiy investorlarga yurtimizda yaratilgoan shart-sharoit, qolaversa, mahsulot eksportiga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar. Umuman, 12-15-iyul kunlariga mo‘ljallangan rasmiy tashrif davomida Turkmaniston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari B. Atdayev boshchiligidagi delegatsiyaning birinchi O‘zbekiston–Turkmaniston hududlararo forumida ishtirok etishi, O‘zbekiston Respyblikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S. Umurzakov bilan uchrashuvi, ikki qo‘shni davlatlarda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi va xalq amaliy san’ati ekspozitsiyasi bilan tanishuvlari, O‘zbekiston–Turkmaniston ishbilarmonlar kengashining Qo‘shma Yig‘ilishida, shuningdek, O‘zbekiston–Turkmaniston ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuvlarda qatnashishi ko‘zda tutilgan.
Rasmiy uchrashuv va muloqotlar bilan birga, qator madaniy–ma’rifiy tadbirlar ham tashkil etiladi.
Manba: Buхоrо vilоyati hоkimligi