O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqaro IT-sertifikatlarni olgan yoshlarga xarajatlarning yarmi qaytarib beriladi
2022-07-08 | Texnologiyalar
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida IT-Park bo‘lim boshlig‘i Jamila Xalibayeva ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, Xalqaro IT-sertifikatlarini olishda rag‘batlantirish tizimi IT-Park va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda ishga tushirildi.
Dastur bilan IT-mutaxassislariga xalqaro sertifikat olishga sarflanadigan mablag‘ning 50 foizigacha kompensatsiya olish imkoni beriladi. Kompensatsiya pulini xalqaro IT-sertifikatlarini olgan 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari qo‘lga kiritishi mumkin. Kompensatsiya olish uchun arizalar onlayn tarzda my.gov.uz portali orqali yuboriladi. Kompensatsiya olish uchun sertifikat olgandan so‘ng 180 kundan kechiktirmaslik lozim.
Ma’lumot o‘rnida, arizaga o‘qish va xalqaro sertifikat olish uchun xarajatlar kvitansiyasi ilova qilinadi. Ariza beruvchi 16 yoshga to‘lmagan bo‘lsa, arizani to‘ldirishda ota-ona/vasiylarning ma’lumotlarini ko‘rsatish lozim. Agar ariza beruvchining so‘rovnomadagi rekvizitlari va unga ilova qilingan hujjatlar belgilangan talablarga javob bersa, kompensatsiya ariza to‘ldirilgan kundan boshlab 17 ish kuni ichida amalga oshiriladi.
Kompensatsiya beriladigan xalqaro IT-sertifikatlarining to‘liq ro‘yxati it-istedod.uz saytida joylashtirilgan. Kompensatsiya miqdorini hisoblash olingan sertifikat IT-mutaxassislik darajasiga bog‘liq. Xususan, boshlang‘ich darajasi sertifikatlari uchun 30 foiz o‘rtacha daraja uchun 40 foiz va yuqori darajadagi IT-mutaxassislik sertifikatiga 50 foiz kompensatsiya to‘lab beriladi.
Masalan, Cisco kompaniyasidan CyberOps professional kursining narxi 3000 dollardan 6000 dollargacha bo‘ladi. Shunday qilib, kursni muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlar 3000 dollargacha kompensatsiya pulini olish imkoniyatiga ega. Ushbu xalqaro IT-sertifikatlarni olish uchun onlayn va offlayn tarzda kurslarni bitirish mumkin.
Onlayn kurslarni HUAWEI, Coursera, Skillbox, Geekbrains kabi platformalarda, oflayn ta’limni esa IT-Park Toshkent filialida hamda poytaxtda joylashgan bir qator xususiy o‘quv markazlarida olish mumkin.
Sh. Mamaturopova
Manba: O'zA