O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
"Parij-2024" yozgi Paralimpiya o‘yinlari dasturi tasdiqlandi
2022-07-08 | Sport
Yana ikki yildan so‘ng Fransiyaning Parij shahrida o‘tadigan Paralimpiya o‘yinlarining musobaqalar dasturi e’lon qilindi.
Bu haqda insidethegames sayti xabar berdi. Xabarda aytilishicha, o‘yinlar tizimidagi bahslar 11 kun davom etadi. Paralimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi 28-avgustga belgilangan bo‘lib, shu kuni musobaqalar o‘tkazilmaydi. Sport turlari bo‘yicha asosiy bahslarga 29-avgustdan start beriladi. O‘yinlar dasturidan 22 ta paralimpiya sport turlari joy olgan bo‘lib, ilk musobaqalarni para suzish, para taekvondo va para velosiped bo‘yicha matonat sohiblari boshlab berishadi.
Parij-2024 Paralimpiada dasturining eng qiziqarli yo‘nalishi yengil atletika bo‘yicha musobaqalar 30-avgust 7-sentyabr kunlari Fransiya poytaxtidagi “Stad de Frans» majmuasida o‘tkazilsa, para suzish 29-avgust 7-sentyabrga belgilangan.
O‘yinlarning tantanali yopilish marosimi bo‘ladigan 8-sentyabr kuni para marafon, para basketbol, kanoe kabi sport turlarida g‘oliblar aniqlanadi.
Paralimpiya o‘yinlari davomida matonatli va irodali sportchilar 539 ta medallar jamlanmasi uchun kurashadi. Shundan 269 ta medallar jamlanmasi o‘yin sport turlariga tegishliligi bilan ahamiyatlidir.
Manba: O'zA