O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston delegatsiyasi Londonda o‘tkazilgan dunyoda diniy erkinlikni taʼminlash masalalarini o‘rganishga bag‘ishlangan konferensiyasida ishtirok etdi
2022-07-08 | Siyosat
O‘zbekiston adliya vaziri Ruslanbek Davletov boshchiligidagi delegatsiya Londonda bo‘lib o‘tayotgan xalqaro vazirlik konferensiyasida ishtirok etdi.
Konferensiya dinlararo munosabatlarning global rivojlanish tendensiyasini aniqlash va butun dunyoda diniy erkinlikni taʼminlash muammolarini hal qilish uchun birgalikdagi saʼy-harakatlarni birlashtirishga bag‘ishlangan.
Anjumanda 100 dan ortiq mamlakat va xalqaro tashkilotlardan 700 nafar vakil qatnashdi.
Adliya vazirligidan olingan maʼlumotga ko‘ra, konferensiya doirasida O‘zbekiston adliya vaziri Ruslanbek Davletov Buyuk Britaniyaning Janubiy Osiyo, Markaziy Osiyo, Hamdo‘stlik ishlari bo‘yicha davlat vaziri, tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Lord Tariq Ahmad bilan uchrashdi.
Uchrashuvda mazkur konferensiyaning inson huquqlari bo‘yicha asosiy xalqaro hujjatlar g‘oyalari tarafdori bo‘lgan O‘zbekiston uchun muhimligini taʼkidlandi, Lord Tariq Ahmadga mamlakatimizda bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida maʼlumot berildi.
Lord Tariq Ahmad Buyuk Britaniya O‘zbekistonda din erkinligini taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholashini taʼkidladi. Ushbu sohadagi xolis holat haqidagi dolzarb maʼlumotlarni muntazam ravishda almashish maqsadida Britaniya tomonining O‘zbekiston va Buyuk Britaniyaning diniy muassasalari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdorligi qayd etildi.
Bundan tashqari, Lord Ahmad Birlashgan Qirollik fuqarolarini Afg‘onistondan evakuatsiya qilishning samarali va o‘z vaqtida tashkil etilgani uchun O‘zbekiston tomoniga alohida minnatdorlik bildirdi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi