Bryusselda O‘zbekiston-Evropa Ittifoqi Hamkorlik qo‘mitasining 18-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Bryussel shahrida O‘zbekiston-Evropa Ittifoqi Hamkorlik qo‘mitasining 18-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yevropa delegasiyasiga Yevropa tashqi harakatlar xizmati (ETHX)ning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha boshqaruvchi direktorining o‘rinbosari Lyuk Devin boshchilik qildi, O‘zbekiston tomonidan esa tadbirda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari L. Kudratov ishtirok etdi.
Tadbir davomida ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va ularni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Yevropa tomoni O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim matni bo‘yicha muzokaralar jarayoni yakunlangani va hujjat kelishiganini olqishladi. Bitimning parafirlanayotgan loyihasi hamkorlikda olib borilgan astoyidil sa'y-harakatlarining mevasi ekanligi ta'kidlandi. Hujjat O‘zbekiston va YeI munosabatlarida mutlaqo yangi sahifani ochishga zamin yaratdi.
Yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan hamkorlik rejalari atroflicha muhokama qilindi. Jumladan, joriy yilda Samarqand shahrida “Evropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” formatidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash bo‘yicha Vazirlar uchrashuvi va xalqaro konferensiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tomonlar, shuningdek, Bryusselda “O‘zbekiston – YeI” hamkorlik Kengashining navbatdagi yig‘ilishini tashkil qilish muddatlarini yaqin vaqt ichida belgilashga kelishdilar.
O‘zbekistonga “GSP+” Preferensiyalar bosh tizimining benefisiari maqomi berilganligi mamlakatimiz va YeI o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish va rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shayotgani qayd etildi. 2024-yildan boshlab Yevropa komissiyasi “GSP+” tizimiga qo‘yiladigan talablarni mustahkamlash va uni O‘zbekiston tomonidan allaqachon ratifikasiya qilingan 6 ta yangi xalqaro konvensiya bilan to‘ldirishni rejalashtirayotgani ta'kidlandi.
Yevropa tomoni 2021-2024-yillarga mo‘ljallangan 83 million yevro miqdoridagi Moliyaviy va texnik yordam ko‘rsatishning indikativ dasturini iloji boricha tezroq amalga oshirishni boshlash niyatida ekanligini bildirdi. Dastur samarali davlat boshqaruvi va raqamli transformatsiya, “yashil” rivojlanish, inklyuziv o‘sish, “aqlli”, ekologik toza agrosanoat va oziq-ovqat sektorini rivojlantirish, qishloq joylarining farovonligini yuksaltirish kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.
Yig‘ilish kun tartibidagi boshqa masalalar ham muhokama qilindi. Xususan, O‘zbekistonda investisiyaviy muhitni yaxshilash va mamlakatda ishbilarmonlik uchun yaratilgan shart-sharoitlarni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar ijobiy baholandi. Mamlakat tomonidan Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar qo‘llab-quvvatlanishi bildirildi.
Muzokaralar yakunida Yevropa komissiyasining 2027-yilgacha bo‘lgan dasturiy sikli doirasida qo‘shma tashabbuslarni muvaffaqiyatli hayotga tatbiq etilishini jadallashtirish maqsadida hamkorlikda ish olib borishga kelishildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi