O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universitetining ilk bitiruvchilariga diplomlar topshirildi
2022-07-07 | Turizm
“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining ilk bitiruvchi bakalavrlarini taqdirlash munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Turizm va madaniy meros vaziri, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti rektori Aziz Abduhakimov ishtirok etdi.
Rektor bitiruvchilarni Markaziy Osiyoning turizm va madaniy meros sohalari bo‘yicha yetakchi xalqaro oliy o‘quv muassasasini muvaffaqiyatli bitirganliklari bilan samimiy tabrikladi.
“Shuni faxr bilan qayd etish lozimki, bundan roppa-rosa to‘rt yil muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tashabbuslari bilan “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universiteti poydevori qo‘yilgan edi. Ishonchim komilki, siz ana shu universitetning ilk bitiruvchilari bo‘lganligingizni g‘urur bilan eslab yurasiz.
O‘zbekiston turizm ta'limi tizimida eng oldingi o‘rinlarda bo‘lish sizni ham, bizni ham yangi ulkan rejalar qurishga, o‘lkamizdagi turizm sohasini jadal rivojlantirish yo‘lidan borishga undaydi. Barchamiz birga, albatta sohani rivojlantirishda katta yutuqlarga erishamiz! Umid qilamizki, “Ipak yo‘li” xalqaro turizm va madaniy meros universitetida olgan bilimlaringiz kelgusida barchangizga turizm sohasida samarali faoliyat yuritish uchun munosib yo‘l ochadi. Biz g‘oya va loyihalaringizni ro‘yobga chiqarishda ko‘mak berishga doimo tayyormiz!”, – dedi Aziz Abduhakimov. Bayram tadbirida, shuningdek, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, prorektor-professorlar Juliboy Eltazarov va Jozef Hoffmann, bitiruvchilar va ularning ota-onalari ham qatnashdi.
Tadbir davomida “Turizm menejmenti” fakultetida Turizm sohasida loyihalash, mehmonxona biznesi, ommaviy tadbirlarni boshqarish, turizm sohasida logistika, turizm (faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha), marketing yo‘nalishlarida tahsil olgan 109 nafar bitiruvchiga diplomlar tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, “Turizm menejmenti” fakultetining 23 nafar magistri va “Turizm” yo‘nalishida sirtqi ta’lim bo‘limining ikkinchi mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olgan 5 nafar bitiruvchi bakalavrlarga diplom berildi. Bastakorlar ijrosidagi jonli simfonik musiqalar, faol talabalarning tantanali chiqishlari, turli teatrlashtirilgan tomoshalar, baxshilarning ijrolari tadbirga bayramona ruh bag‘ishladi.
Ma’lumot uchun, “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-iyundagi PQ-3815-sonli qarori bilan tashkil etilgan. 2021-yil oktyabr oyidan boshlab, Prezidentning PQ-5270-sonli qarori bilan universitet “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti deb nomlangan.
Bugungi kunda universitet eng mashhur va nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri hamda turizm sohasidagi bakalavriat va magistratura ta’lim yo‘nalishlarining deyarli barcha mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlashni taklif etuvchi O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasidagi birinchi oliy o‘quv yurtidir.
Aytish joizki, ayni paytda universitet talabalarining asosiy qismi mehmonxonalar, restoranlar, logistika kompaniyalari, sayyohlik kompaniyalarida ish bilan taʼminlangan. Bu koʻp jihatdan universitetda ilk bor joriy etilgan, talabalarni oʻqish davrida toʻgʻridan-toʻgʻri ishga joylashtirish imkoniyatlarni yaratadigan “dual ta’lim” tufayli amalga oshirilmoqda.
Universitetda yetakchi xorijiy oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari hamda jahonning yetakchi universitetlarida ta’lim olgan va amaliyot o‘tagan mamlakatimizning yuqori malakali mutaxassislari talabalarga dars berib kelmoqda.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi