O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Germaniyaning qurg‘oqchilik va sho‘rlangan yerlardan foydalanish texnologiyalarini qo‘llash masalasi muhokama etildi
2022-07-06 | Jamiyat
Innovatsion rivojlanish vazirligida Germaniyaning "BioEnergieLand" kompaniyasi asoschisi va ijrochi direktori Frenk Rizbek bilan uchrashuv tashkil etildi. Kompaniya Germaniyaning biotexnologiyalar hamda qishloq xo‘jaligi yechimlari bo‘yicha yetakchi tashkilotlaridan biri hisoblanib, muzokara davomida F. Rizbek tomonidan korxonaning imkoniyatlari va amalga oshirilgan ishlari to‘g‘risida taqdimot o‘tkazildi.
Shuningdek, O‘zbekistonda Germaniyaning ilg‘or texnologiyalari, jumladan, qurg‘oqchilik va sho‘rlangan yerlardan foydalanish texnologiyalarini qo‘llash yuzasidan fikr almashildi. Germaniya kompaniyasi tomonidan taqdim etilayotgan ekinlarni vertikal usulda yetishtirish, ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish, sun’iy intellekt va katta ma’lumotlar bazasidan foydalanish, yopiq sirkulyar tizimlar, iqlim va joylashuv sharoitlariga mos ravishda rejalashtirish va qurilishi ishlarini olib borish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish hisobiga energiyani iqtisod qilish masalalari muhokama etildi.
F. Rizbek tomonidan O‘zbekistonda ilm-fan va innovatsiyalarga berilayotgan e’tibor yuqori baholandi va ikki tomon o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi