O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Turkiy Davlatlar Tashkilotiga a’zo davlatlarning qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorligi bo‘yicha Ishchi guruhining 2-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2022-07-05 | Iqtisodiyot
Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ko‘magida Turkiy Davlatlar Tashkiloti (Turkiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Vengriya va Turkmaniston) va Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga (IHT) a’zo davlatlarning qishloq xo‘jaligi vazirlari uchrashuvlari hamda Turkiy davlatlar Agroforumi bo‘lib o‘tadi.
To‘rt kun davomida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan yig‘ilishlar, shu jumladan, B2B uchrashuvlar munosabati bilan mamlakatimizga TDT va IHTga a’zo davlatlarning qishloq xo‘jaligi vazirlari tashrif buyurishgan. Bundan tashqari, TDT va IHT bosh kotiblari ham mehmon bo‘lib turishibdi.
TDTga a’zo davlatlar qishloq xo‘jaligi vazirlari ishtirokidagi yig‘ilishning asosiy maqsadi – qishloq xo‘jaligi sohasida mavjud ko‘p tomonlama hamkorlikni baholash va TDTga a’zo davlatlar va kuzatuvchilar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning salohiyatli yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashishdan iborat. 200 dan ortiq yirik ishlab chiqaruvchi kompaniyalarni o‘zida jamlashi kutilayotgan Turkiy davlatlar Agroforumida esa agrosanoat majmuasida iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, jumladan, tashkilotga a’zo davlatlar va kuzatuvchilar o‘rtasida o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish, tovar ayirboshlash va sarmoyalarni safarbar etishga e’tibor qaratiladi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi