O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Birinchi Milliy elektron tijorat platformasi ishga tushirildi
2022-06-30 | Iqtisodiyot
30-iyun kuni Toshkentdagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida Markaziy Osiyodagi birinchi TradeUZ.com Milliy elektron tijorat platformasi loyihasining tantanali ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Koreya Respublikasi Cavdo, sanoat va energetika vazirligi (SSEV) hamda Koreya texnologiyalarni rivojlantirish instituti (KTRI) bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
Elektron platforma O‘zbekistonning kichik va o‘rta eksport qiluvchi kompaniyalariga o‘z mahsulotlarini eksportga yetkazishni tashkil etish uchun onlayn tarzda ishonchli va muvaffaqiyatli xorijiy hamkorlarni topish imkonini beradi. Buning natijasida eksportga yetkazib berish geografiyasining kengayishi, eksport hajmlarining o‘sishi va umuman mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishi kutilmoqda.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqan investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari B. Rahimov TradeUZ.com platformasining muvaffaqiyatli ishga tushirilishi pirovardida O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda elektron tijorat rivojlanishining yuqori dinamikasini belgilovchi mamlakat sifatidagi mavqeini mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shishini ta'kidladi. Bunday muhim loyihani amalga oshirishda yordam bergani uchun Koreya Savdo, sanoat va energetika vazirligi, Koreya texnologiyalarni rivojlantirish institutiga minnatdorlik bildirildi.
Bugungi kunda TradeUZ.com 3000 ga yaqin o‘zbek eksportchilari, 10000 xorijiy xaridor, shuningdek, 30000 dan ortiq tovarlar haqida ma'lumotlarni o‘zida mujassam etgan.
Mazkur loyiha mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish yo‘lidagi navbatdagi qadam deb e'tirof etildi. Loyiha yuqori qo‘shilgan qiymatga ega raqobatbardosh o‘zbek mahsulotlarini eksport qilish hajmini oshirishga va shu orqali mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishiga xizmat qiladi», - dedi B. Rahimov. U, shuningdek, tomonlar raqamli texnologiyalar sohasida ishga solinmagan imkoniyatlardan foydalanish yo‘lida ishlashda davom etishiga umid bildirdi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi