Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida seysmik xavfsizlikni ta'minlash hamda global iqlim o‘zgarishining respublika iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini kamaytirish yuzasidan olib borilayotgan ishlar samaradorligi tanqidiy tahlil qilindi.
2022-yil 30-mayda davlat rahbarining “O‘zbekiston Respublikasining seysik xavfsizligini ta'minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni imzolangan bo‘lib, unda yangi O‘zbekistonni barpo etishda seysmik xavfsizlik masalasining ustuvor vazifalari belgilab berildi.
So‘nggi yillarda inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni ta'minlash, sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish maqsadida seysmoprognostik kuzatuvlar tarmog‘i 30 foiz kengaytirildi, magnitometrik kuzatuvlar soni 5 tadan 15 taga, gidrogeoseysmologik kuzatuvlar 32 tadan 36 taga, onlayn rejimda o‘tkaziladigan seysmometrik kuzatuvlar 15 tadan 36 taga yetkazildi.
Sohadagi ishlar natijadorligini tahlil qilgan holda, Qurilish, Favqulodda vaziyatlar, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirliklari, Fanlar akademiyasiga ikki oy muddatda tegishli hududda seysmik xavfsizlik sohasida sinovlar o‘tkazish uchun mo‘ljallangan poligon tashkil etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish topshirildi.
Soha, tarmoq va hudud rahbarlari e'tiborini qaratish zarur bo‘lgan tizimli vazifalar belgilab berildi:
birinchidan, Fanlar akademiyasi tomonidan Andijon, Toshkent, Guliston, Nurafshon, Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Jizzax, Buxoro, Navoiy, Qarshi, Termiz, Nukus, Urganch shaharlari markazlarining seysmik mikrohududlashtirish xaritalarini ishlab chiqishga alohida ahamiyat qaratildi;
ikkinchidan, 2022-yil 1-sentabrdan respublikaning seysmik faol hududlarida yangi qurilishi rejalashtirilayotgan, xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan ob'ektlarga zilzilabardoshlik bo‘yicha xulosalar berish tartibini joriy etish zarurligi ta'kidlandi;
uchinchidan, har yili 1-aprelga qadar respublika hududidagi seysmik zaif ijtimoiy soha ob'ektlari ro‘yxatini shakllantirish hamda ularni instrumental texnik tekshiruvdan o‘tkazish amaliyotini yo‘lga qo‘yish ko‘rsatib o‘tildi;
to‘rtinchidan, 2023-yildan respublikaning seysmik faol zonalarida balandligi 9 qavat yoki undan yuqori bo‘lgan bino va inshootlarni vibrodinamik uskuna yordamida sinov va tekshiruvdan o‘tkazish amaliyoti boshlanishiga mutasaddi vazirlik va idoralar, viloyat hokimliklari e'tibori qaratildi;
beshinchidan, 2023-yil 1-maydan suv omborlari to‘g‘onlarining zilzilabardoshligini doimiy kosmik monitoring qilish tizimini yo‘lga qo‘yishning muhimligi qayd etildi.
Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida zamonamizning asosiy muammolaridan biriga aylanib borayotgan iqlim o‘zgarishining respublika iqtisodiyot tarmoqlariga ta'siri masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Sanoat korxonalari, energetika, transport sohalari rivoji hamda urbanizasiya jarayoni natijasida atmosferaga ajratilayotgan issiqxona gazlari iqlim o‘zgarishiga ta'sir etuvchi asosiy omillar hisoblanadi.
Gidrometeorologiya xizmati markazi va Toshkent shahri hokimligiga 2022-yil yakuniga qadar Toshkent shahri iqlimi va atmosfera havosi ifloslanishining avtomatlashtirilgan monitoring tizimini yaratish va kelgusi yildan mazkur tizimni respublikaning boshqa yirik shaharlarida joriy etish topshirildi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining “Yashil makon” loyihasini amalga oshirish jarayonida yangi ish joylarini yaratish va buning uchun Bandlik jamg‘armasi orqali ajratilayotgan davlat mablag‘laridan samarali foydalanish bo‘yicha yangicha yondashuv joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.
Vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari yil yakuniga qadar o‘z ma'muriy binolarini elektr energiyasi bilan ta'minlashda to‘liq quyosh energiyasidan foydalanish choralarini ko‘rishi zarurligi ta'kidlandi.
Muhokama natijalari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi bayoni rasmiylashtirilib, tegishli qaror qabul qilindi
Manba: «Yangi O"zbekiston»