O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
ZOOM platformasi orqali oʻtgan yigʻilishda terma jamoalarimizning tayyorgarligi muhokama qilindi
2022-06-23 | Sport
Sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi va uning qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi (RSTIAM), sport federatsiya va assotsiatsiyalari mutasaddilari ishtirokida onlayn yigʻilish boʻlib oʻtdi. ZOOM platformasida oʻtgan tadbirda terma jamoalarimizning hozirgi holati, oldinda turgan kompleks musobaqalarga tayyorgarlik jarayoni muhokama qilindi.
Unda Sportni rivojlantirish vazirining oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, Vazir maslahatchisi Avaz Karimov, MOQ raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov, RSTIAM direktori Kamol Sirojitdinov, federatsiyalarning masʼullari ishtirok etishdi.
Kun tartibiga muvofiq, dastlab sportchilarimizni COVID-19 infeksiyasiga qarshi emlashning yangi bosqichlarini oʻtkazish masalasi koʻrib chiqildi. Bu borada Kamol Sirojitdinov hozirgi kunda avj olayotgan koronavirus infeksiyasi haqida qisqacha maʼlumot berib oʻtdi. Shundan soʻng Markaz shifokori Sunnatilla Yulchiyev terma jamoalarimiz bazalaridagi epidemiologik vaziyat, oʻtgan davrda atletlarimizning qanchasi koronavirus infeksiyasiga qarshi emlangani, virusning bugungi tarqalish holati boʻyicha hisobot berdi.
Shundan soʻng MOQ raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov bir yilga kechiktirilgan Konya-2021 V Islom birdamligi oʻyinlariga tayyorgarlik jarayoni boʻyicha gapirdi. Sherzod Rixsibayevich oʻz nutqida hukumatimiz va xalqimiz boʻlajak musobaqada sportchilarimizdan ulkan natija kutayotganini inobatga olib, unga jiddiy tayyorgarlik olib borish lozimligini alohida taʼkidladi. Shuningdek, u masʼullarga har bir jamoaning musobaqagacha boʻlgan oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarining rejasini yana bir karra koʻrib chiqish, uni takomillashtirish boʻyicha oʻz tavsiyalarini berdi.
Sportchilarimizni oldinda Rossiya Federatsiyasining Vladivostok shahrida oʻtadigan “Osiyo bolalari” musobaqasi ham kutib turibdi. Bu borada Shahrullo Sharipovich kerakli yoʻnalishlar boʻyicha maʼlumot berdi. Vazir oʻrinbosari asosiy terma jamoalarimiz uchun yetishib chiqayotgan yosh atletlarga ham katta ahamiyat qaratish zarurligi, kelgusida aynan ular sport maydonida Yangi Oʻzbekistonning “qalqoni” boʻlishini urgʻuladi. Qolaversa, u baʼzi terma jamoalar olib borayotgan oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarining borishidan koʻngli toʻlmayotgani, oshxonalardagi taomlar ratsionining atletlar uchun mos kelmayotgani, ayrim bazalarda gigiyenik holatning talab darajasida emasligi boʻyicha tanqidiy fikr bildirdi.
Avaz Karimov kun tartibidan oʻrin olgan soʻnggi masala “Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlarida qabul jarayoniga tayyorgarlik” mavzusida hisobot berdi. Vazir maslahatchisi unda davlatimiz rahbarining joriy yil 23-may kuni ushbu mavzu yuzasidan oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida bergan topshiriqlari, yuklatilgan vazifalar ijrosini taʼminlash boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida maʼlum qildi.
Yigʻilish yakunida har bir masʼullardan oʻz vazifalariga yanada jiddiy eʼtibor qaratishlari, yechimini kutayotgan masalalarni hal qilish borasida koʻrsatma va topshiriqlar berildi.
Manba: O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi