O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Ko‘zdan uzoq, qalban yaqin!

2022-06-23 | Jamiyat

O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi

23 iyun – Indoneziya Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligini e’tirof etgan kun. 1992-yil shu kuni davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatning asosiy tamoyili qo‘shma bayonot bilan muhrlab qo‘yilgan.

Qayd etish joiz, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov o‘sha tarixiy voqeadan bir oy o‘tar-o‘tmas, Indoneziyaga davlat tashrifini amalga oshirgan. 1995 yil aprelida esa Prezident Suxarto mamlakatimizga javob safari bilan keldi.

O‘zbekiston dunyodagi eng yirik musulmon davlati (aholisining 200 milliondan ko‘pi islom diniga e’tiqod qo‘ygan) va Janubiy Osiyodagi yirik iqtisodiy salohiyat egasi Indoneziyaning strategik ahamiyatini tan oladi.

Indoneziya ham O‘zbekistonni Markaziy Osiyoning gavhari va mintaqa darvozasi sifatida e’tirof etadi, potensial bozor hisoblaydi.

1994-yil Toshkentda Indoneziya elchixonasi ochilgan, 1996-yildan beri Jakartada mamlakatimiz elchixonasi faoliyat yuritib kelmoqda.

2001-yili Samarqandda indonez tilini o‘rganish markazi ochilgan, bu til Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida ham o‘rgatiladi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda turizmni rivojlantirish bo‘yicha samarali ishlar qilindi. Jumladan, ziyorat turizmiga keng yo‘l ochilmoqda.

O‘zbekiston va Indoneziya ziyorat turizmi yo‘lga qo‘yilishi tarixi 1956-yil bilan bog‘liq. O‘shanda sobiq ittifoqqa safar bilan kelgan Indoneziya yetakchisi Sukarno Samarqandga borish, Imom Buxoriy qabrini tavof qilish istagini bildiradi. Shoshib qolgan amaldorlar qabr atrofini obodonlashtirishga ketadigan vaqtni hisobga olib, delegatsiyani Moskvadan uch kun yo‘l bosib, poyezdda olib kelishadi.

Shu ma’noda aynan janob Sukarno buyuk muhaddis qabrini ziyorat etib, davlatlarimiz o‘rtasida ziyorat turizmi yo‘nalishini boshlab bergan, deyish mumkin.

Indoneziya Prezidenti yurtiga qaytib borgach, o‘z esdaliklarida O‘zbekiston haqida “Ko‘zdan uzoq, lekin qalban yaqin”, deya ta’riflagan edi.

Bugun Sukarnoning diniy ziyorat uchun yurtimizga keladigan izdoshlari juda ko‘p. Sayyohlar niyatini dunyoni tashvishga solgan pandemiya bir muddat chekladi. Indoneziya fuqarolari uchun haj yoki umra ziyorati oldidan O‘zbekistonga kirib o‘tish dasturini yo‘lga qo‘yish, yurtimiz aeroportlaridan imtiyozli foydalanish, charter reyslar tashkil etish bo‘yicha muzokara yana tiklanadi. Ziyorat turizmini rivojlantirish ikki mamlakat manfaatiga xizmat qilishi shubhasiz.

Ma’lumot o‘rnida: Indoneziya Respublikasi orollardan iborat yirik arxipelag – g‘arbdan sharqqa 5120 kilometr, shimoldan janubga 1760 kilometr kenglikda joylashgan. Mamlakat hududida, qariyb, 18 ming orol bor. Aholi besh asosiy, ikki yirik va o‘ttizta kichik orolda istiqomat qiladi.

Mamlakat ekvatorning ikki tomonida joylashgan. Arxipelagni Tinch va Hind okeanlari ajratib turadi.

Indoneziyada 150 ga yaqin elat, etnik guruh yashaydi. Davlat tili — indonez, asosiy din — islom. Aholisining 87 foizi musulmon. Bu — dunyo musulmonlarining 12,6 foizi, degani.

         Abror G‘ulomov

Manba: O'zA

Поделиться